16:21 / 06.04.2021
6185
Temuriylar davriga mansub kitob va qimmatbaho toshlarni katta pulga sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Surxondaryoda Temuriylar davrida ishlangan qadimiy kitob va qimmatbaho toshlarni pullashga uringan shaxs ushlandi. Ma'lum bo‘lishicha, undan musodara qilingan kitob va qimmatbaho toshlar qiymati 3,4 mlrd so‘mga teng.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan DXX vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qimmatbaho toshlar va noyob tarixiy kitoblarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Denov tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxslardan biri 17 gramm og‘irlikdagi qimmatbaho yoqut toshini 23 ming AQSh dollariga hamda XII—XIV asrlarga mansub qadimiy kitobni 20 ming dollarga pullashga uringan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng ushbu shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, teriga ishlangan va taxminan XIV asrga mansub tarixiy qo‘lyozma kitoblar saqlanayotgani ma'lum bo‘ldi. Xonadon egasi tomonidan ushbu kitoblarning bahosi 60 ming AQSh dollari ekani ma'lum qilindi. Bundan tashqari, uning yonidan ham qiymati 20 ming dollarga teng 37 gramm og‘irlikdagi zumrad toshi topilgan.

Shuningdek, ushbu shaxs boshqaruvidagi «Captiva» rusumli avtomashinada yana bir noyob kitob borligi aniqlandi. Temuriylar saltanati davrida chop qilingan mazkur kitobning sahifalari misdan ishlangan bo‘lib, yozuvlari o‘yib tushirilgan. Kitobning qiymati 200 ming AQSh dollari ekani ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holatda olib qolingan qimmatbaho toshlar va qadimiy kitoblarning qiymati 3 milliard 400 million 570 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qadimiy kitoblar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga topshirilgan.

Shuningdek, qadimiy tangalarni bojxona postidan noqonuniy olib o‘tishga urinish holati Qoraqalpog‘istonda ham aniqlandi.

Ma'lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Dovutota» chegara bojxona postidan harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalaridan birini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida haydovchi madaniy boyliklar, numizmatika ashyolarini bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqishga uringani aniqlangan.

Mazkur holatda to‘xtatib qolingan 131 dona tanga o‘tgan asrning turli davrlarida dunyoning 30ga yaqin davlatida zarb qilingan bo‘lib, shulardan 33tasi tarixiy ahamiyat kasb etadi. Numizmatika ashyolaridan tashqari ushbu shaxs 7 dona qo‘lda to‘qilgan jun gilam va haykalchalar (madaniy boyliklar)ni olib chiqayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Avvalroq «Matiz»ga yashirilgan 3 kg 928 gr og‘irlikdagi «opiy» hamda 2 kg 873 gr og‘irlikdagi «gashish» giyohvandlik vositalari fosh etilgani xabar qilingan edi.

Top