08:18 / 06.04.2021
9452

Toshkentda Toyota Land Cruiser'da qoida buzib, o‘zini «organ xodimi» deb tanishtirgan shaxsga chora ko‘rildi

Avtomobil oynalari qoraytirilgan, stroboskop (o‘zgaruvchan rangli chiroqlar), maxsus antenna bilan jihozlangan. Ammo bularning birortasiga ruxsat olinmagan.

Mirobod tumani Nukus ko‘chasida xizmat olib borayotgan xodimlar davlat raqami 01 702 SBP bo‘lgan oq rangli Toyota Land Cruiser avtomobilini to‘xtatishgan.

Toshkent shahar IIBB YHXB Uzreport telekanalidan taqdim etgan lavhaga ko‘ra, haydovchi yonida o‘tirgan yo‘lovchi o‘zini «organ xodimi, 702, SBP» deb tanishtiradi va hujjatlarni taqdim qilishdan bosh tortadi.

Nafaqat bosh tortadi, balki buyruq ohangida deydi: «5 minut vaqt, bizni to‘xtatishni aytgan guruhni chaqiring, 702 chaqiryapti deng».

Ular yetib kelganlarida esa soxta hujjat ko‘rsatib «702man, Hamidullaman, o‘rganyapman», deydi va allakimlarga qo‘ng‘iroq qila boshlaydi.

YHX inspektori Sardor Ro‘ziboyevning aytishicha, avtomobil planshet orqali tekshirilganda transport vositasi xususiy tashkilotga tegishli ekani va u imtiyoz berilgan avtomobillar ro‘yxatida emasligi aniqlangan.

Avtomobil oynalari qoraytirilgan, stroboskop (o‘zgaruvchan rangli chiroqlar), maxsus antenna bilan jihozlangan. Ammo bularning birortasiga ruxsat olinmagan.

Natijada bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Soxta xodim o‘zining bu ishini yoshlik qilgani bilan izohlagan bo‘lsa, uning yonida o‘tirgan haydovchi sherigining bu gaplaridan bexabarligini bildirgan.

Top