12:50 / 06.04.2021
2949
Vaksina olgan saudiyaliklarga Ramazon oyida umra ziyoratini amalga oshirishga ruxsat berildi
Foto: Reuters

Saudiya Arabistonida koronavirusga qarshi vaksina olganlarga Ramazon oyida umra ziyoratini amalga oshirishga va muqaddas masjidlar - ikki Haramga tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Bu haqda Qirollik Haj va Umra vazirligi bayonotiga asoslanib, Al-Arabiya nashri xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, xohlovchilarga koronavirusga qarshi vaksinani ikki dozada qabul qilganidan so‘ng yoki immun tizimini nazorat qiluvchi Tawakkalna mobil dasturi asosida ruxsat beriladi.

Ma'lum qilinishicha, Ramazon oyida jamoatning ko‘payishi ehtimoli bilan Makka va Madinadagi masjidlarda koronavirusga qarshi sanitariya choralari kuchaytiriladi. Ikki Haramga kundalik namoz uchun tashrif buyuruvchilar ham maxsus dastur orqali ro‘yxatdan o‘tib ruxsat olishiga to‘g‘ri keladi.

Lekin Saudiya Haj va Umra vazirligi bayonotida xorijliklarga qachondan va qanday shartlar asosida haj va umra ziyoratlarini amalga oshirishga ruxsat berilishi haqida ma'lumot berilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiylari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda yaqin vaqtlar ichida ushbu masala yuzasidan batafsil ma'lumot berilishini ma'lum qildi.

Top