12:27 / 07.04.2021
14682
Afg‘onistonlik investorlarni chuv tushirishda ayblanayotgan shaxsga nisbatan sud ishi boshlandi

6 aprel kuni O‘zbekistonda mehmonxona va turizm biznesi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan afg‘onistonlik investorlarni 80 ming dollarga chuv tushirib, bu pullarni o‘zlashtirganlik va boshqa bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotan Faxriddin Xushvaqtovga nisbatan sud jarayoni boshlandi.

Sud ishiga jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi raisi Tolib Obidov raislik qilmoqda.

Raislik qiluvchi sud tarkibini o‘qib eshittirdi va taraflarda ushbu sud tarkibiga e'tirozlar bor-yo‘qligini aniqladi. Shuningdek, sudlanuvchi Faxriddin Xushvaqtov shaxsiga aniqlik kiritildi.

Yakkasaroy tumani sudi raisi Tolib Obidov

Sud majlisining birinchi kunida sudlanuvchi jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini olmagani, qolaversa, advokatlari sud majlisida ishtirok etmayotgani sababli sudyaning shaxsiga oid savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Faxriddin Xushvaqtov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi mutasaddilarining aniqlik kiritishicha, 25 mart kuni chiqarilgan ayblov xulosasi Faxriddin Xushvaqtovga 28 mart kuni taqdim etilgan. Biroq ayblanuvchi ayblov xulosasini imzo qo‘yib olgani haqidagi tilxatni ko‘rsatishlarini talab qilganidan so‘ng sud tomonidan unga ayblov xulosasi yana bir marta taqdim etildi va sud ishida 12 aprelga qadar tanaffus e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda jiyani Barekzay Aymal bilan birga tadbirkorlik qilish niyatida O‘zbekistonga kelgan afg‘onistonlik Ismoil Safo firibgarlik qurboni bo‘lgani, undan aldov yo‘li bilan 80 ming dollarini o‘zlashtirganlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga bir yildan oshgani, bu orada besh marta tergovchi almashgani, jinoyat ishiga aloqador boshqa shaxslar nima uchundir tergovga jalb qilinmayotgani haqida 2020 yil noyabrida Kun.uz saytida jurnalistik surishtiruv e'lon qilingan edi.

Bu maqoladan so‘ng Yakkasaroy tumani IIB xodimi Akmal Ataxanovning faoliyati yuzasidan qayta xizmat surishtiruvi o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra «pasport stol» xodimi ishdan olingan, o‘sha paytda Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlagan Bahriddin Valiyev qochqinga nisbatan e'lon qilingan qidiruv ishlarini jadallashtirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini ma'lum qilgan edi.

Afg‘oniston fuqarosi Aymal Barekzay Yakkasaroy tumanidagi 1-sonli davlat notarial idorasi notariusini korrupsiya va firibgarlar bilan sheriklikda ayblagan, notarius Shuhrat Isroilov ham o‘zlarini aldash bilan bog‘liq jinoyatda bevosita ishtirok etganini iddao qilgan edi.

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, mazkur jinoyat ishiga bevosita aloqador bo‘lgan IIBning sobiq xodimi Akmal Ataxanov va notarius Shuhrat Isroilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, alohida ish yurituviga ajratib olingan.

Kun.uz jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan ish bo‘yicha sud mahkamasi jarayonlarini yoritib boradi.

Top