14:02 / 07.04.2021
7377

«Bir million dasturchi» loyihasi doirasida Qoraqalpog‘istondagi maktablardan biriga «Spark» berildi 

7 aprel kuni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-son umumta'lim maktabiga prezident sovg‘asi - “Spark” avtomobili topshirildi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi. 

Joriy yil mart oyining yakuni holati bo‘yicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta'lim olayotganlar soni jami 200 ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Shu jumladan, ulardan 81 ming nafardan ortig‘i ishtirokchi va 50 ming nafardan ortig‘i bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdi. 

Hududlar kesimida www.uzbekcoders.uz portalida ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati (36 600 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27 574 nafar) va Toshkent shahar (25 572 nafar) yetakchilik qilib kelmoqda. 

Faoliyat turi bo‘yicha tahlil natijalariga ko‘ra, loyiha ishtirokchilari orasida umumta'lim maktabi o‘quvchilari jami 67,2 foiz bilan yetakchi hisoblanadi. Yosh toifasi bo‘yicha esa ta'lim oluvchilarning asosiy qismi, ya'ni 90 foizdan ortig‘i 13-34 yoshlar orasidagi o‘quvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Loyiha “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasiga ham kiritilgan. 2021 yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi. 

Eslatib o‘tamiz, dasturchilarni bunday masofaviy o‘qitish loyihasi ilk marta BAAda “One Million Arab Coders” nomi bilan boshlangan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuviga erishilgan edi.

 

Top