16:59 / 07.04.2021
4926
“Bolam boshidan 10 marta operatsiya qilindi” – Ibrohim xorijda og‘ir ahvolda

Ayni paytda Turkiyada bo‘lib turgan bu oilaning taqdiri har qanday insonning dilini iztirobga solishi tayin. Vaziyatning murakkabligi shundaki, hozir Ibrohim va oilasining shifoxona kunlik to‘loviga ham pullari qolmagan.

Ayni o‘ynab-kuladigan yoshdagi, endigina 10 yoshni qarshilagan Ibrohim Kamolov bosh miyasidagi jiddiy kasallik bilan kurashmoqda. Vaziyat og‘irlashib borayotgani ma'lum bo‘lgach, 2020 yilning 26 dekabrida ota-onalari va yaqinlari bor-budlarini yig‘ib, uni Turkiyaning “Memorial” klinikasiga olib borib operatsiya qildirdilar. Operatsiyadan keyin gistologiya natijasiga ko‘ra kimyo terapiya va nur terapiya belgilangan. Operatsiya og‘ir kechgani sabab, bolaning o‘ziga kelishi orqaga cho‘zilib ketadi.

– Bolamning sog‘ligi uchun hech narsa ko‘zimizga ko‘rinmay, uyimizgacha sotib kelgandik. Shu kungacha Ibrohimjon o‘ntacha operatsiyani boshidan o‘tkazdi va yana bir juda og‘ir operatsiya oldinda turibdi. Miya suyuqligiga infeksiya tushib qolgani salomatligiga jiddiy ta'sir qildi. Bolam burnidan tomizilib, sut va protein bilan oziqlantirilyapti. Nafas olishi qiyinlashib qolgandi, reanimatsiyaga tushib, tomog‘iga trubka ham qo‘yildi. 5 kunda operatsiya qilinib qaytasizlar deyishgandi, 3 oydan ortdi mana...

Har kunlik davolanishimiz narxi 540 dollar, shuni to‘lay olmay qiynalyapmiz. Iltimos, bolamning haqiga duo qilinglar, hech kimning boshiga bu kunlar tushmasin. Bor-budimizni sarflab bo‘ldik, endi Alloh dillariga savob yozgan saxovatpesha insonlardan o‘zga umidimiz qolmadi, – yig‘lab so‘zlaydi Ibrohimning onasi Ma'mura Xolmatova.

Yurtdoshlarimiz hech bir xayriyaga befarq bo‘lmaganlar, ayniqsa, xorijda qiyin vaziyatga tushganlarga o‘zgacha mehr ko‘rsatadilar, dalolat qiladilar. Xudo xohlasa ko‘pchilik ko‘magi bilan Ibrohim sog‘ayadi va o‘zi kelib xalqimizni duo qiladi.

Ibrohim Kamolovga tegishli ma'lumotlar:

UZCARD: 8600 1204 4317 3557

VISA CARD: 4231 2000 0053 9600

Kamolov Ilhomjon (otasi)

Telefon: +905527791497

Abror Zohidov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top