21:28 / 07.04.2021
2399
EMA AstraZeneca vaksinasi kamdan kam holatlarda trombozga olib kelishini tan oldi

Yevropaning dori vositalari bo‘yicha agentligi (YeMA) AstraZeneca kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi Vaxzevria tromboz holatlariga olib kelishi mumkinligini tan oldi va buni vaksinaning kam uchrovchi nojo‘ya ta'sirlari qatoriga kiritdi.

Foto: Getty Images

Ushbu qarorni EMA’ning xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi qabul qildi.

EMA’da ta'kidlanishicha, vaksina bilan emlanganlarda juda kam holatlarda tromblar hosil bo‘ladi, biroq uning foydasi nojo‘ya ta'sirlar paydo bo‘lishi xavfidan ancha yuqori. 

EMA ma'lumotlariga ko‘ra, Yevropaning ma'lumotlar bazasida vaksinani qo‘llashdan keyin emlanganlarda tromboz hosil bo‘lgani kuzatilgan 222ta holat qayd etilgan. Ko‘p holatlarda tromblar 60 yoshdan kichik ayollarga vaksinaning birinchi dozasi kiritilgandan keyin 2 hafta ichida hosil bo‘lgan.

 Shu sababli agentlik shifokorlarni emlanganlarda tromboemboliya va trombotsitopeniya alomatlari paydo bo‘lishi ortidan sinchkovlik bilan kuzatishga chaqirgan.

“Qon quyqalari va trombotsitlar darajasi pasayishi alomatlarini o‘z vaqtida aniqlab va buni davolashni boshlab, shifokorlar jabrlanganlarga yordam berishlari va ularni og‘ir asoratlardan asrashlari mumkin”, deyilgan EMA xabarida.

Shu bilan bir qatorda, vaksina bilan emlanganlarga o‘zlarining ahvollari ortidan kuzatish va quyidagi belgilar paydo bo‘lganda darhol shifokorlarga murojaat qilish tavsiya qilingan: nafas siqishi, ko‘krak sohasida og‘riq, oyoqlarda shish paydo bo‘lishi, qorin sohasida og‘riq, kuchli va doimiy bosh og‘rishi, teri ostida mayda qon dog‘lari paydo bo‘lishi.

6 aprelda EMA’ning emlash va infeksiyalarga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Marko Kavaleri AstraZeneca vaksinasi qo‘llanishi va tromboz hosil bo‘lishi orasida bog‘liqlik borligiga shubha qilmasligini aytgandi.

 “Fikrimcha, endi biz bu yerda vaksina bilan bog‘liqlik borligini ayta olamiz. Biroq vaksinada bunday reaksiyaga aynan nima olib kelishini hozircha bilmaymiz. Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, bog‘liqlik bor, ammo biz bu qay tarzda yuz berishini bilmog‘imiz lozim”, deb aytgan Kavaleri Il Messaggero nashriga bergan intervyusida.

 EMA mart oyida AstraZeneca vaksinasini tromboz hosil qilishi mumkinligi bilan bog‘liq holda tekshiruvdan o‘tkazgan. O‘shanda Yevropaning ko‘plab davlatlari vaksinani qo‘llashni to‘xtatib turishga qaror qilgandi. Keyinroq EMA vaksinani xavfsiz deb topgandi. Shundan keyin Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Portugaliya va boshqa davlatlar vaksinani qo‘llashni davom ettirgan. Biroq Norvegiya, Shvetsiya, Finlandiya, Islandiya va Irlandiya hamon vaksinani qo‘llashdan o‘zini tiymoqda.

 Bundan tashqari, ayni vaqtda bir qator davlatlar AstraZeneca vaksinasi bilan emlash bo‘yicha bir qator qo‘shimcha choralar ko‘rdi. Jumladan, Britaniyada uni 30 yoshdan kichiklarga qo‘llamaslik tavsiya qilindi, Estoniya va Janubiy Koreyada esa 60 yoshdan kichiklarga qo‘llash to‘xtatildi.

Avvalroq AstraZeneca o‘z vaksinasi nomini Vaxzevria deb o‘zgartirgandi. Vaksinaning avvalgi nomi Vaccine AstraZeneca bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top