10:01 / 07.04.2021
6730
Enter Engineering: O‘zbekiston neft-gaz sohasidagi muhim loyihalar bo‘yicha yirik shartnomalar imzolandi

O‘zbekistonda «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konini rivojlantirish loyihasiga bank moliyaviy mablag‘larini jalb etish shartlari belgilab olindi. Loyihani moliyalashtirishning tegishli indikativ shartlari 6 aprel kuni Toshkentda, «VEB.RF» Davlat rivojlantirish korporatsiyasi, Gazprombank va loyiha investori Surhan Investmens Limited tomonidan imzolandi. Mazkur hujjat 10 yil muddatga 900 million AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda kredit liniyalarini jalb etish bo‘yicha imzolandi. Hujjat «VEB.RF» Boshqaruv raisining o‘rinbosari Daniil Algulyan, Gazprombank Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Aleksey Belous, Surhan Gas Chemical Operating Company Bosh direktori Andrey Ignatovlar tomonidan imzolandi. Imzolash marosimi «VEB.RF» raisi Igor Shuvalov ishtirokida o‘tdi.

«Mustaqillikning 25 yilligi» loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatidagi infratuzilmaga muvofiq tarzda tabiiy gaz zaxiralarini qidirish va qazib olish hamda 5 mlrd kub metr quvvatga ega bo‘lgan gazni qayta ishlash zavodini qurish nazarda tutilgan. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi hukumati va investorlar konsorsiumi o‘rtasida 2017 yil 5 aprelda imzolangan mahsulotni bo‘lib olish (taqsimlash) haqida bitimga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Gaz koni va qayta ishlash zavodining qurilish maydoni Surxondaryo viloyatidagi Boysun shahridan 20 km uzoqlikda joylashgan. 2017-2019 yillar oralig‘ida loyiha tomonidan seysmorazvedka va qidiruv ishlari yakunlanib, baholash quduqlarini burg‘ulash ishlari amalga oshirildi. 2020 yilda esa ekspluatatsion quduqlarni burg‘ulash ishlari boshlab yuborildi. Gazni qayta ishlash zavodining loyihalari va qurilishi Shell kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda.

«Ushbu hujjatning yetakchi Rossiya banklari tomonidan imzolanishi loyihani amalga oshirishning muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, bu ushbu loyihaga moliyaviy mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha bitimni 2021 yil oxiriga qadar bajarish imkonini beradi», - deydi Surhan Gas Chemical Operating Company Bosh direktori Andrey Ignatov.

Loyiha investorlaridan biri Andrey Filatov hujjat imzolangandan so‘ng qo‘yidagilarni ta'kidlab o‘tdi:

«Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konini rivojlantirish loyihasi hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan asosiy loyihalardan biri bo‘lib, sanoat tarmoqlari va mintaqani rivojlantirish uchun strategik ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi loyihani respublika va hududiy boshqaruv organlari darajasida faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va investorlarning ishlashi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratib bermoqdi. Men Loyiha ishtirokchilari nomidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Respublika hukumatiga ushbu mintaqada faoliyat olib borish uchun imkoniyat yaratilgani, bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan muhim infratuzilmaviy o‘zgarishlarda ishtirok etayotganimiz uchun minnatdorlik bildiraman. Rossiya yetakchi banklarining O‘zbekistondagi muhim infratuzilmaviy loyihadagi ishtiroki Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining yuqori darajasi va O‘zbekistonning investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini yana bir bor tasdiqlaydi».

Bundan tashqari, Rossiya tomonidan VEB, Gazprombank va AO «EKSAR», O‘zbekiston tomonidan «O‘ztransgaz» AJ, O‘zbekiston energetika vazirligi va O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining gaz tashish tizimini modernizatsiyalash» loyihasini tashkillashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Gazprombank Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Aleksey Belous loyihada Rossiya kompaniyalarining ishtiroki haqida to‘xtalib, shunday dedi:

«Gazprombank 2017 yildan O‘zbekiston Respublikasi loyihalarini moliyalashtirib kelmoqda, shu sababdan ushbu shartnoma O‘zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik munosabatlari davomchisi hisoblanadi. Hujjat tashqi savdo muomalalarini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro moliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirishga yo‘naltirilgan hamda milliy mahsulotni xorij bozoriga olib chiqishni rag‘batlantirish va Rossiya eksportchilarining raqobatdoshligini mustahkamlash bo‘yicha EKSAR bilan samarali hamkorlik natijasidir».

Shuningdek, uchrashuv jarayonida Jizzakh Petroleum loyihasi uchun yuqori texnologiyali mahsulotlar va «O‘zbekiston Respublikasi gaz o‘tkazish tizimini modernizatsiyalash» loyihasi uchun yuqori texnologiyali quvur mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash borasida Rossiya eksport markazi bilan bitimlar imzolandi.

ChTPZ guruhi tijorat direktori Denis Prixodko O‘zbekistonga quvur mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomani sharhlab o‘tdi:

«Kompaniyamiz quvur bozoridagi asosiy ishtirokchilardan biri ekanligi, nafaqat quvurlar, balki quvur yechimlari va xizmatlarining asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda iste'molchilar bilan ishlashga umidimiz katta. O‘zbekneftegaz, Eriell Group loyihalari bilan ishlash bo‘yicha ham katta tajribaga egamiz. Shuningdek, bugun Enter Engineering kompaniyasi va O‘zbekiston gaz uzatish tizimini rekonstruksiya qilishda ishtirok etish uchun Rossiya eksport markazi o‘rtasida bitim imzolandi. Bu O‘zbekiston uchun ham, Rossiya uchun ham juda muhim hujjat. Ishonchim komilki, biz uzoq yillar davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti taraqqiyoti manfaati yo‘lida mehnat qiladigan yuqori sifatli mahsulotlarni taklif eta olamiz», - dedi Prixodko.

Shu bilan bir qatorda ayni paytda O‘zbekistondagi sheriklar bilan mahsulotga bo‘lgan talablarni to‘laqonli tushunishlari, yetkazib berish muddatlari borasida faol ishlar amalga oshirilayotganini ham aytib o‘tdi. Yaqin oylarda mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari ham jadal sur'atda olib borilmoqda.

Enter Engineering Matbuot xizmati

Top