18:28 / 07.04.2021
26083
Mutaxassis O‘zbekistonda kimlarga vaksina olishga ruxsat berilmasligi bo‘yicha ma'lumot berdi

Vaksina olish kunidan 72 soat oralig‘ida tana harorati ko‘tarilganlarga vaksina olishga ruxsat etilmaydi. Shuningdek, immun tanqisligi bilan kasallangan, taloq organida muammolari borlar, buyrak jarrohligini boshdan o‘tkazganlar, so‘nggi 6 oy ichida jarohatlanganlarga ham vaksina olish mumkin emas.

Sog‘liqni saqlash vazirligi virusologiya ilmiy-tekshirish institutining yuqumli kasalliklar shifokori Sohiba Utegenova vaksina olishdan avval qanday tayyorgarlik ko‘rish va nimalarga e'tibor berish to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi.

«Har bir shifokor vaksinatsiyaga kelgan fuqaroni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazishi lozim. Jumladan, qon bosimi, tana harorati, puls saturatsiyasi haqida ma'lumotga ega bo‘lishlari lozim. Qolaversa, homiladorlik ehtimoli mavjud bo‘lgan 18-45 yoshdagi ayollarga vaksinadan oldin homiladorlikni test orqali aniqlash ham tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, vaksinatsiyadan oldin shifokorga qabul qilayotgan dorilaringiz haqida ham aytishni unutmang. Vaksina olish kunidan 72 soat oralig‘ida tana harorati ko‘tarilgan insonlarga vaksina olishlariga ruxsat etilmaydi. 

Hozirda ommaviy vaksinatsiya 65 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Katta yoshdagi insonlarda, istaysizmi yoki yo‘qmi, yondosh kasalliklarning kechishi kuzatiladi. Biroq vaksina olishga kelgan fuqaroning o‘sha kuni qon bosimi me'yorda bo‘lishi kerak. Xuddi shunday qandli diabet bilan qiynalayotgan insonlarning ham vaksina olinadigan kuni qand miqdori normal holatda bo‘lishi talab etiladi. 

Trombotsitopeniya, ya'ni qon ivishiga aloqador kasalligi mavjud bo‘lgan yoki antikoagulyant qabul qilayotgan bemorlar, qolaversa, autoimmun yoki immun tanqisligi bilan kasallangan, taloq organida muammolari borlar, buyrak jarrohligini boshdan o‘tkazganlar, so‘nggi 6 oy ichida jarohatlanganlarga ham vaksina olish mumkin emas», degan u. 

Ma'lum qilinishicha, immunomodulyatorlar, glukokortikozoidlarning immunosupressiv dozasini qabul qilayotganlar (doza: 1 haftadan ko‘p davrda kuniga 20 mg prednizon); monoklonal antitanalar, timozin, interferon qabul qilayotganlarga ham vaksina olishlari taqiqlanadi. Mahalliy dori qabul qilayotganlar (mazlar, ko‘z tomizgichlar, burun sprey va ingalyatorlar) bundan mustasno.

«Shuningdek, allergik ta'sirga moyil insonlar bor. COVID-19ga qarshi vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslarga vaksinadan foydalanish tavsiya etilmaydi. O‘tkir yuqumli va yuqumsiz kasalliklar bilan kasallanganlarni ham vaksina qabul qilmaydiganlar safiga kiritishimiz mumkin.  

Emlashdan so‘ng sauna, hammom qabul qilish va inʼeksiya sohasiga muolajalar o‘tkazish taqiqlanadi», degan shifokor.

Vaksina olgan fuqaro emlashdan so‘ng dastlabki 30 daqiqa davomida shifokor kuzatuvida bo‘ladi. Keyin 3 kun davomida shifokor va patronaj hamshira tomonidan kuzatuv ostiga olinadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top