19:31 / 07.04.2021
9754

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida agrologistik yo‘lak ochilishi mumkin

Rossiya eksport markazi (REM) O‘zbekiston hukumati ko‘magida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun Rossiya-O‘zbekiston eksport-import agrologistik yo‘lak yaratish bo‘yicha yirik loyihani boshlashni rejalashtirmoqda.

Foto: rekvizitai.vz.lt

«Eksport hajmining o‘sishi logistika rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq. Ayniqsa, yirik quruqlik va suv bog‘lamalari hamda yirik ishlab chiqarish korxonalari yonida ulgurji tarqatish markazlarini yaratish samarali bo‘ladi. Bu bozor ishtirokchilariga tovarlarni xaridorga etkazib berishning logistik va iqtisodiy jihatdan eng foydali texnologiyasini ishlab chiqish imkonini beradi va o‘zaro savdo-sotiqning kengayishiga hissa qo‘shadi», — dedi REM bosh direktori Veronika Nikishina.

Uning ta'kidlashicha, hozirda Qozog‘iston hududi orqali temir yo‘l transportida refrijyeratorli tashuvlar uchun arzonlashtirilgan tariflar amalda bo‘lib, ular tashish vaqtida yaroqlilik muddati hisobga olinishi kerak bo‘lgan mahsulotlar eksportini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

REM «Rossiya temir yo‘llari» bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish uchun O‘zbekistonga doimiy temir yo‘l yo‘nalishini yaratishdan manfaatdor.

 «Rossiya temir yo‘llari logistika» AJ bosh direktori Dmitriy Murevning so‘zlariga ko‘ra, birgina 2020 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga mahsulot eksporti 930 ming tonnani tashkil etdi.

 «Bu juda katta hajm va agar Rossiyadan O‘zbekistonga va aksincha yo‘nalishda uzluksiz logistika zanjiri tashkil etilsa, u holda loyihaning iqtisodiyoti ancha jozibali ko‘rsatkichlarga yetgan bo‘lardi», — dedi u.

Loyiha muvaffaqiyatli boshlangan taqdirda, uni qo‘shni davlatlardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari transport oqimlarini birlashtirish orqali kengaytirish mumkin, bu esa O‘zbekiston transport tarmog‘iga yuklarni tashishning qo‘shimcha tranzit hajmlarini jalb etadi.

Top