09:28 / 07.04.2021
2336
O‘zbekistonda bir kunda 14 mingdan ortiq kishi emlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir kunda O‘zbekistonda 14 mingdan ortiq kishi koronavirusga qarshi emlangani va shu vaqtgacha vaksina olganlar soni 50 mingga yaqinlashgani haqida xabar berdi.

«6 aprel kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jami 14 216 nafar kishi COVID-19ga qarshi emlandi. 

Shu kungacha koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 49602 nafarga yetdi», deyiladi vazirlik xabarida. 

6 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Samarqand viloyati (3437 nafar), Toshkent viloyati (1708 nafar), Andijon viloyati (1633 nafar), Toshkent shahri (1630 nafar) va Namangan viloyati (1487 nafar) band qildi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top