19:02 / 07.04.2021
2880
Toshkent davlat stomatologiya institutida zamonaviy innovatsion simulyatsion markaz ochildi

 Rivojlangan mamlakatlar birinchi navbatda tibbiyot va ta'limga qaratilgan e'tibor orqali yetuk jamiyatga erishganlar. 

Har tomonlama yetuk va raqobatbardosh shifokorlarni tayyorlash, amaliyotga qaratilgan o‘quv jarayonini zamonaviy fantom, simulyatorlar va laboratoriyalar bilan jihozlash orqali tibbiy oliy ta'limni rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Toshkent davlat stomatologiya institutida zamonaviy innovatsion simulyatsion markaz ochildi.

Markazning ochilish marosimida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i O‘ktam Ismoilov, institut rektori Nodir Haydarov ishtirok etdi. Abduqodir Toshqulov Toshkent davlat stomatologiya instituti zamonaviy talablarga mos keladigan va stomatologiyaning ilg‘or texnologiyalarini egallagan sohaning yuqori malakali tibbiyot xodimlari va ilmiy mutaxassislarni tayyorlashi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Institut simulyatsion markazini tashkil etishda Rossiya, Belarus, AQSh, Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta'lim muassasalari va o‘quv markazlari tajribasiga tayanildi.

Simulyatsion markazda Fransiyaning «Virteasy Dental» 3D simulyatorlari, Angliyaning o‘quv mikroskoplari, Rossiyaning «Pirogov» anatomik interaktiv stoli, Italiyaning talabalar uchun eng oxirgi modeldagi stomatologik fantomlari o‘rnatildi. Shu bilan bir qatorda, axborot resurs markazining virtual kutubxonasi ham talabalarga xizmat ko‘rsatadi.

 Bularning barchasi o‘quv mashg‘ulotlarini zamon talabi asosida tashkil qilishga, talaba yoshlarning yangicha yondashuv asosida bilim olishlariga xizmat qiladi.

 Toshkent davlat stomatologiya instituti matbuot xizmati

Top