18:02 / 07.04.2021
8203

«UzReportTV» JCh-2022 Osiyo qit'asi saralashi, Osiyo kubogi, OChL va OFKning boshqa turnirlari TV-translatsiyasi huquqini sotib oldi 

Millionlab o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining talab va istaklarini inobatga olib, «UzReportTV» telekanali O‘zbekiston milliy jamoasi hamda o‘zbek klublari ishtirok etadigan rasmiy musobaqalar, ya'ni jahon chempionati saralashi, Osiyo kubogi, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari, Osiyo chempionlar ligasi, OFK Kubogi translatsiya huquqini xarid qildi. 

Telekanal rasmiy saytining xabar berishicha, endilikda yurtimizdagi muxlislar milliy hamda U-23 jamoamizning jahon chempionati saralash o‘yinlari va Osiyo chempionatidagi ishtiroklarini, shuningdek, Osiyo kubogidagi uchrashuvlarini, o‘zbek klublarining OChLdagi ishtiroklarini sevimli sharhlovchilari bilan birgalikda «UzReportTV» hamda «FutbolTV» telekanallarida jonli efirda tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, futzal ishqibozlari ham telekanal orqali Osiyo chempionati finallarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. 

«UzReportTV» hamda «FutbolTV» telekanallari tomonidan translatsiya huquqi xarid qilingan musobaqalar:

1) Osiyo Kubogi-2023
2) JCh-2022 Osiyo saralashining so‘nggi bosqichi
3) U-23 Osiyo chempionati (2022 va 2024)
4) Ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi-2022
5) OFK Birdamlik Kubogi-2024
6) OFK Chempionlar Ligasi 2021, 2022, 2023 va 2024 yilgi mavsum (guruh bosqichi, pley-off bosqichi va final)
7) OFK Kubogi 2021, 2022, 2023, 2024 (guruh bosqichi, pley-off bosqichi va final)
8) U-20 Osiyo chempionati-2023 finali
9) U-17 Osiyo chempionati-2023 finali
10) Ayollar o‘rtasidagi U -20 Osiyo chempionati -2022 va 2024 finallari
11) Ayollar o‘rtasidagi U -17 Osiyo chempionati -2022 va 2024 finallari
12) Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati -2022 va 2024 finallari
13) Futzal bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati-2021, 2022, 2023, va 2024 yilgi finallar

Eslatib o‘tamiz, «UzReportTV» hamda «FutbolTV» bungacha YeChL, Yevropa ligasi, APL, La Liga, A Seriya va O‘zbekiston Pro ligasi o‘yinlarini translatsiya qilayotgani, 2021/22 yilgi mavsumdan boshlab esa YeChL, Yevropa ligasi va UYeFAning bir qator turnirlarini O‘zbekistonda namoyish etish huquqini «Sport» telekanali qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.

Ma'lumot uchun, o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yinlari hamda OChL bahslari MTRK telekanallari orqali namoyish etilardi.

Top