09:49 / 07.04.2021
1885
Vazirliklardagi ichki audit xizmatining vazifa va funksiyalari belgilanmoqda

Moliya vazirining “Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Namunaviy nizom vazirlik va idoralarda ichki audit xizmatini tashkil etish, uning asosiy vazifa va funksiyalari hamda huquq va majburiyatlarini belgilab beradi.

Vazirlik va idoralar ichki audit xizmatining asosiy maqsadi – vazirlik va idoralarda faoliyatni yaxshilashga qaratilgan va ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarilishiga yo‘naltirilgan risk tahlili asosidagi, mustaqil, xolis va ishonchli ma'lumot hamda maslahat berish hisoblanadi.

Ichki audit xizmati boshqaruv jarayonlari, risklarni boshqarish hamda ichki nazoratni baholash va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tizimli faoliyat yuritish orqali vazirlik va idoralar maqsadlariga erishishiga yordam beradi.

Ichki audit xizmati o‘z faoliyatida O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, ushbu namunaviy nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Ichki audit xizmati va uning tuzilmaviy shakli O‘zbekiston prezidenti yoki hukumati qarori asosida vazirlik va idoralarning markaziy apparati tarkibida tashkil etiladi.

Ichki audit xizmatining mavjud shtat birliklarini qisqartirish va ularni tashkilot boshqa tarkibiy tuzilmalariga qayta taqsimlash vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ichki audit xizmati vazirlik va idoralar umumiy faoliyati natijalariga javobgar hisoblanmaydi hamda ichki audit xizmatiga namunaviy nizomda yoki boshqa tegishli qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ichki audit xizmati xodimlariga qo‘yiladigan talablar:

  • O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarida yoxud qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalarining oliy iqtisodiy, moliyaviy ma'lumotga egaligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish;
  • iqtisodiyot, moliya, soliq, bank ishi, buxgalteriya hisobi va hisoboti hamda audit sohasida (shu jumladan yuqorida sanab o‘tilgan sohalarda faoliyat yurituvchi oliy ta'lim muassasalarida pedagog sifatida) kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.

Ichki audit xizmati xodimi belgilangan tartibda har yili bir marotaba o‘z malakasini oshirishi kerak.

Ichki audit xizmati xodimi quyidagi holatlarda ichki audit tadbirlarini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • ichki audit faoliyati amalga oshirilishi nazarda tutilgan vazirlik va idoralar mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi hisoblansa;
  • ichki audit faoliyati amalga oshirilishi nazarda tutilgan vazirlik va idoralardan shaxsiy yoki mulkiy manfaatdor hisoblansa;
  • ichki audit faoliyati amalga oshirilishi nazarda tutilgan vazirlik va idoralarda avval ichki audit tadbirlarini o‘tkazgan hisoblansa;
  • vazirlik va idoralarda ishlagan davri ichki audit faoliyati bilan qamrab olingan davrga mos bo‘lsa.

Ichki audit xizmati rahbarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • ichki audit xizmati faoliyatiga boshchilik qilish;
  • ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq idoraviy normativ–huquqiy hujjatlar va boshqa tegishli hujjatlarni ichki audit milliy standartlariga muvofiq ishlab chiqilishini tashkil etish va ijrosini nazorat qilish;
  • ichki audit xizmatiga malaka talablariga javob beradigan, bilimli va malakali xodimlarni jalb etish va ularning ish faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish;
  • ichki audit xizmati xodimlarini belgilangan tartibda va muddatlarda malakasini oshirishni ta'minlash;
  • ichki audit faoliyati bilan bog‘liq vazifalar ijrosi yuzasidan vazirlik va idora rahbari hamda vakolatli davlat organiga belgilangan tartibda muntazam ravishda hisobot berib borilishini ta'minlash;
  • ichki audit xizmati faoliyatining tegishli normativ–huquqiy hujjatlarga muvofiqligini ta'minlash hamda ichki audit xizmati faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha vazirlik va idora rahbariga taklif kiritish.
Top