19:12 / 08.04.2021
2469
AQSh xalqaro kompaniyalar uchun yangi soliq modelini taklif qilmoqda

AQSh hukumati yirik korporatsiyalar uchun yangi soliq modelini taklif qildi. Unga ko‘ra, bu korporatsiyalarning topadigan daromadiga qarab soliq to‘lashni nazarda tutadi. Yangi model faqat katta daromad va foyda keltiradigan eng yirik gigantlarga nisbatan qo‘llanishi aytilmoqda.

Jo Bayden ma'muriyati transmilliy korporatsiyalar uchun yangi soliq solish modelini ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda Forbes.

Bu modelning mohiyati eng yirik transmilliy kompaniyalar faoliyat yurituvchi mamlakatlaridagi sotuviga qarab, ushbu davlatlarga soliq to‘lashini nazarda tutadi.

Reja AQSh moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Iqtisodiyotning qaysi sektorida ishlashidan qat'i nazar, dunyoning eng yirik va eng boy korporatsiyalari unga bo‘ysunadi — daromad va foyda ko‘rsatkichlari hisobga olinadi, deyilgan xabarda.

Yangi qoidalar faqat 100ga yaqin kompaniyaga, shu jumladan, AQShning texnologiya gigantlariga ta'sir qilishi aytilmoqda. Agar AQShning takliflari qabul qilinadigan bo‘lsa, boshqa mamlakatlar ham hududida faoliyat yuritadigan, ammo kam soliq to‘laydigan yirik transmilliy biznesdan o‘z daromadlarini oshirishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar 135 mamlakatga, shu jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga o‘z taklifini yuborgan, shu asosda xalqaro soliq tizimidagi o‘zgarishlar muhokama qilinmoqda.

Tashkilot soliq departamenti rahbari Paskal Sen-Amand AQSh hukumati g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi model xalqaro miqyosdagi muzokaralarda ham, AQSh Kongressidagi muhokamalarda ham muvaffaqiyatga erishishi mumkin.

Avvalroq Jo Bayden o‘zining ikkinchi yirik tashabbusi – 2,25 trillion dollarlik iqtisodiy rivojlanish rejasini e'lon qilgandi. Bu dasturda xarajatlarni birinchi navbatda korporativ soliqlarni oshirish orqali qoplash rejalashtirilgan.

Top