15:30 / 08.04.2021
1709
Buxoro shahrida maktab o‘quvchisida koronavirus aniqlandi. Maktab bugundan karantinga yopilgan
Foto: KUN.UZ

Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Buxoro shahar Xalq ta'limi bo‘limi rahbariga shahardagi 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabida darslarni onlayn rejimga o‘tkazish bo‘yicha tavsiya xati yubordi.

Unda ta'kidlanishicha, ushbu maktab o‘quvchilaridan birida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Kasallikka chalingan o‘quvchining akasi ham mazkur maktabda ta'lim olishi ma'lum qilingan.

«Umumta'lim maktabida koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishining oldini olish, epidemiologik zanjirni uzib qo‘yish, o‘quvchilarning alohidalanishini ta'minlash maqsadida o‘quv tizimini maxsus ko‘rsatma bo‘lganga qadar onlayn rejimga o‘tkazish taklif qilinadi», — deya ta'kidlangan viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘ining xatida.

Viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, ushbu maktab bugundan karantinga to‘liq yopilib, darslar onlayn rejimga o‘tkazilgan.

Top