10:43 / 08.04.2021
4535

Myanmaning Londondagi elchisi elchixonaga kiritilmayotganini ma'lum qildi  

Myanmaning Britaniyadagi elchisi Chjo Zo Min Londondagi elchixonaga kiritilmayotganini ma'lum qildi. Avvalroq u harbiylar tomonidan hibsga olingan Myanma prezidenti Vin Mint va davlat maslahatchisi Aun San Suu Chjini ozod qilishga chaqirgandi.  

Myanma elchisining CNN telekanaliga ma'lum qilishicha, u 7 aprel kuni bir necha soat davomida elchixonaga kirishga uringan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan. Uning elchixonaga qilgan qo‘ng‘iroqlari va yuborgan elektron maktublari javobsiz qoldirilgan.   

“Ular meni ichkariga kiritishmayapti. Ularning aytishicha, bu haqida poytaxtdan ko‘rsatma olishgan va shu sababli meni elchixonaga kiritishmoqchi emas. Bu to‘ntaruvdir. Bu Britaniya, biz Myanma yoki Birmada emasmiz”, deb aytgan elchi. 

Mart oyida Chjo Zo Min myanmalik harbiylar tomonidan fevral boshida hibsga olingan Myanma prezidenti Vin Mint va davlat maslahatchisi Aun San Suu Chjini ozod qilishga chaqirgandi. Elchi bu bayonotidan keyin harbiylar tomonidan ortga chaqirtirilgandi. 

Myanma elchisini qo‘llab-quvvatlash uchun Londondagi elchixona oldida 50 ga yaqin odam to‘plangan. Voqea joyiga politsiyachilar yetib kelib, odamlarni tarqalishga va karantinni buzmaslikka chaqirgan. 

O‘z navbatida, Britaniya tashqi ishlar vazirligida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot olishga harakat qilinayotgani ma'lum qilingan. 

1 fevralda Myanmada harbiy to‘ntaruv amalga oshirilgandi. Harbiylar mamlakat prezidenti, davlat maslahatchisi va bir qator yuqori mansabdor shaxslarni hibsga olishgan.  

Mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Min Aung Xlayn qonunchilik, ijrochilik va sud hokimiyatlarini o‘z qo‘liga olgan. Prezident vazifasini bajarish vitse-prezident Mint Shvega topshirilgan. Shuningdek, harbiylar mamlakatda bir yilga favqulodda holat kiritilishini e'lon qilishgan.  

Harbiylarning xatti-harakatlari aholi tomonidan norozilik namoyishlariga olib kelgan. Bu namoyishlar xavfsizlik kuchlari tomonidan keskin tarzda bostirilmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, namoyishlarni bostirish vaqtida 600 ga yaqin odam o‘ldirilgan.  

Top