14:55 / 08.04.2021
8972
«O‘zbekiston temir yo‘llari»: Sergeli yo‘nalishi bo‘ylab bepul avtobuslar harakati tashkil etildi

8 aprel kuni soat 10:45da Toshkent metrosining «Sergeli» yo‘nalishida harakatlangan poyezd estakada ustida to‘xtab qoldi. «Chilonzor» yo‘nalishidagi «Olmazor» bekati tomon harakatlangan metro poyezdi mashinisti holatni texnik muammolar bilan izohlagan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi axborot-tahliliy media markazi Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi faoliyati to‘xtab qolganiga izoh berdi.

«Bugun, taxminan soat 10:45da Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi texnik sabablarga ko‘ra to‘xtatildi. Barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi. Sergeli metro yo‘nalishi bo‘ylab bepul avtobuslar harakati tashkil etilmoqda. Ayni vaqtda «Toshkent metropoliteni» UK rahbariyati voqea joyida vaziyatning sabablarini aniqlamoqda. Bular haqida batafsil xabar beramiz», deyiladi izohda.

«Toshshahartransxizmat» ham hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

«2021 yil 8 aprel kuni Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishi Sergeli qismida texnik nosozlik kelib chiqqanligi tufayli metropoliten harakati vaqtinchalik to‘xtatilganligi munosabati bilan, metropolitenning «Olmazor» bekatidan «Qipchoq» bekatigacha bo‘lgan oraliqda vaqtinchalik avtobus yo‘nalishi harakati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yo‘nalishda 4, 7, va 12-avtobus saroylari tomonidan vaqtinchalik avtobuslar xizmat ko‘rsatmoqda.

Mazkur vaqtinchalik tashkil etilgan yo‘nalishdan yo‘lovchilarimiz bepul foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Sergeli yo‘nalishi 2020 yil dekabrida ishga tushirilgandi.

Bu yo‘nalishning ishga tushishi yo‘lovchilarga katta qulaylik tug‘dirdi, avtomobil yo‘llariga bo‘lgan bosim kamaydi.

Loyihaning umumiy qiymati qariyb 83 million dollarni tashkil etib, bu yo‘nalish «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida barpo qilingandi.

Ushbu yo‘nalishda mart oyida ham avariya holati sodir bo‘lgan, unda ikki sostav to‘qnashib ketgandi.

Top