10:26 / 08.04.2021
1377
O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Qatar aviatsiya idoralari delegatsiyasini qabul qildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda Qatar fuqaro aviatsiyasi xizmati departamenti boshlig‘i Muhammad Faleh Alxajri mamlakat sayyohlik salohiyati hamda boy tarixiy-madaniy merosi Qatar fuqarolarida yuqori qiziqish uyg‘otishini ta'kidlab o‘tdi. Uning fikricha, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risida bitim imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish, sayyohlik va ishbilarmonlik almashuvining jadallashtirilishiga xizmat qiladi.

«Qatar Airways» departamenti rahbari Salam al-Samarriy aviakompaniyaning O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish va respublika mintaqaviy aeroportlarida joriy qilingan «ochiq osmon» rejimidan foydalanishga, jumladan, Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlaridan ham sayyohlarni jalb qilishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik bitim loyihasi yuzasidan mavjud masalalarning tezkor hal etilishi, imzolanishi hamda hamkorlikni rivojlantirish, turizm sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishga doir muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Top