07:55 / 08.04.2021
1444
«O‘zbekkino» milliy agentligi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlandi
Foto: O‘zbekkino

 “Kino san'ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni e'lon qilindi.

Quyidagilar milliy kinematografiyani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

  • kino san'atini jamiyatning ma'naviy, madaniy-ma'rifiy hayotida, jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida shakllantirish;
  • kino sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish, shuningdek, xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb qilish va hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni rivojlantirish;
  • kino sanoatini iqtisodiyotning alohida tarmog‘i sifatida rivojlantirish, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilma yaratish;
  • kinematografiya sohasida kadrlar tayyorlash, kino ijodkorlari va texnik xodimlari malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
  • milliy seriallar ishlab chiqarishni davlat tomonidan rag‘batlantirish, animatsion filmlar ishlab chiqarishga yosh multiplikator va animatorlarni keng jalb qilish;
  • sohada mualliflik huquqining kafolatli himoya qilinishini ta'minlash, kinoprokat tizimini rivojlantirish va milliy filmlarni jahon kino bozorlariga olib chiqish.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlandi.

Agentlik, kino san'ati va sanoati vakillarining quyidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi:

  • “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini ta'sis etish va uni 2021 yildan boshlab muntazam o‘tkazib borish;
  • kino san'ati va sanoati vakillari mualliflik huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish;
  • oliy ta'lim muassasalarining kinematografiya yo‘nalishida ta'lim olayotgan talabalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Xudoybergan Devonov nomidagi davlat stipendiyasini ta'sis etish;
  • “Oltin Humo” milliy kino mukofoti taqdimotini har yili an'anaviy ravishda o‘tkazib borish;
  • milliy kinematografiya sohasida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar va mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida “Kinematografiya fidokori” ko‘krak nishonini ta'sis etish.

Agentlik va O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi muassisligida Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish va uning vasiylik kengashi tarkibini shakllantirish haqidagi takliflar ma'qullandi.

Belgilanishicha, milliy seriallar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun respublika miqyosida faoliyat yurituvchi telekanallarga agentlik tomonidan har yili 12 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya mablag‘lari ajratiladi.

Top