08:54 / 08.04.2021
29980
Toshkentda 3ta avtomobil hamda avtobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Foto: IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 7 aprel kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 3ta avtomobil va bir avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar berdi

Joriy yilning 7 aprel kuni, soat 09:45 da Yakkasaroy tumani Katta Mirobod ko‘chasida 28 yoshli samarqandlik A.I. Lacetti rusumli avtomobilni Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab boshqarish davomida boshqaruvni yo‘qotib Katta Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasida svetoforning taqiqlovchi belgisiga to‘xtagan bir nechta transport vositalari bilan to‘qnashgan.

Avtomobil 35 yoshli Sh.Sh. boshqaruvidagi Spark va 24 yoshli A.K. boshqaruvidagi Matiz avtomobiliga borib urilgan. Shundan so‘ng Lacetti beton ustun bilan to‘qnashgan. 

Zarbdan Matiz avtomobili ag‘darilib, qarshisida turgan 30 yoshli B.T. Boshqaruvidagi ISUZU rusumli yo‘lovchi avtobusiga to‘qnashgan. YTH sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Hodisa oqibatida avtobus yo‘lovchilariga zarar yetmagan. Lacetti va Spark avtomobili yo‘lovchilari (shaxsi aniqlanmoqda) badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Mazkur fakt bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Top