17:31 / 08.04.2021
2345
Toshkentda «Kitobxonlik haftaligi» bo‘lib o‘tmoqda

 5-9 aprel kunlari Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida ilk marotaba «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkazilmoqda. Bu haqda haftalikning bugun, 8 aprel kungi tadbirlarida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«Kitobxonlik haftaligi» dasturidan o‘rin olgan tadbirlar doirasida 30dan ortiq yetakchi nashriyotda so‘nggi yillarda chop etilgan 100ga yaqin kitob taqdimotlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, haftalik doirasidan Alisher Navoiyning 580 yilligi, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi hamda o‘zbek estrada san'atining asoschisi Botir Zokirovning 85 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbirlar ham o‘rin olgan.

«Ertaga yakunlanadigan ushbu haftalikka nashriyotlarning o‘quvchilar oldidagi hisoboti deb qarash ham mumkin», – deydi AOKA bosh mutaxassisi Muhiddin Omonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘tkazilayotgan taqdimotlar, yozuvchi, shoir va turli soha olimlari bilan uchrashuvlar yosh kitobxonlarda katta taassurot qoldirmoqda.

«Taqdimotlarda tibbiyot, iqtisod, biznes va bolalar adabiyotiga oid yangi nashr qilingan o‘nlab kitoblarimiz bilan qatnashyapmiz. Jumladan, bugun ham «eBook» kitob platformasi, biznesga va tarixiy dalillarga asoslangan kitoblarimizning taqdimotini o‘tkazdik», – deydi Zamin nashri rahbari Abdurashid G‘ofurov.

Ma'lumot uchun, «Kitobxonlik haftaligi» AOKA, Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Xalq ta'limi vazirliklari tomonidan tashkil etilgan.

Top