21:38 / 08.04.2021
866
Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish loyihasi taqdim etildi
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Samarqand viloyati hokimligida Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish loyihasi taqdimoti o‘tkazilgan. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 8 aprel kuni Samarqand viloyati hokimligida Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari tomonidan Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish loyihasining taqdimoti o‘tkazilgan. Unda vazir I.Abdurahmonov, viloyati hokimi E.Turdimov, Qozog‘istonning «Almau» Almati menejment universiteti rektori Yerbol Suleymenov va boshqa mutasaddilar qatnashgan.

Mazkur loyiha doirasida Urgut tumanida dorivor va texnik o‘simliklarni yetishtirish, yo‘l qurilishi, elektrotexnika, avtomobilsozlik sohalariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish takliflari berilgan. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot o‘tkazish uchun yiliga 400 tonna urug‘, 4000 litr yog‘, 1500 tonna tola, 7500 tonna poya ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurish loyihasi ko‘rib chiqilgan.

«Almau» Almati menejment universiteti rektori Yerbol Suleymenov Urgutda 2000 nafar talabani o‘qitish imkoniyatini beradigan universitet filialini ochish taklifini ilgari surgan. Unda yoshlarga bakalavriat, magistratura va MBA bosqichlarida menejment, muhandislik menejmenti, tadbirkorlik va innovatsiyalar, turizm sohasida bilim berish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Urgutda yo‘l qurilishiga Avstraliya texnologiyasini tatbiq etish taklif etilgan. Qayd etilishicha, agar an'anaviy tarzda 1 smenada 250 m² yo‘l qurilsa, Avstraliya texnologiyasida 5 ming m² yo‘l quriladi. Yo‘l qurilishi xarajatlari 1 m² 120 ming so‘mdan 50 ming so‘mga qisqaradi, yo‘ldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi. Bundan tashqari, yo‘l qurilishining ekologik xavfsizligi ham ta'minlanadi.

Shuningdek, tumanda alkotester, avtomobillar uchun SOS qurilmasi, avtomobil muzlatkichlari, elektron turniket ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti o‘tkazilgan.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 aprel kuni «Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF-6198-son) qabul qilingan edi. Farmonda hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar ro‘yxati (13 ta) tasdiqlangan. Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, Samarqand viloyatida Urgut tumanini innovatsion tumanga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Top