16:14 / 08.04.2021
443
YuNeSKO vakillari Shahrisabzda tarixiy yodgorliklar holatini o‘rganmoqda

Fransiya shaharsozlik instituti loyihachisi va YuNeSKO mutaxassisi Shahrisabz shahrining madaniy hamda tarixiy yodgorliklarini saqlash, restavratsiya qilish ishlarida xalqaro konservatsiya uslublariga qanchalik amal qilinayotganini tekshirish uchun Qashqadaryoga tashrif buyurgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Fransiya shaharsozlik instituti mutaxassisi Erik Hoybrext va YuNeSKOning madaniy meros obektlarini o‘rganish boshqarmasi eksperti Kristina Iyamandi Shahrisabz shahrida bo‘lib turibdi. Ular bu shahardagi tarixiy yodgorliklar holatini o‘rganmoqda.

2019 yil YuNeSKOning Boku shahrida o‘tgan 40-sessiyasida Shahrisabzning bu tashkilot Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarilmasligi uchun asoslarni taqdim etishiga 2 yil muddat berilgan. O‘zbekiston tomoni ana shu 2 yil ichida shaharni regeneratsiya qilish rejasi loyihasini ishlab chiqish majburiyatini olgan edi.

Belgilangan muddat joriy yilda tugashi munosabati bilan YuNeSKO talablari asosida tashkilot tomonidan Shahrisabzda tekshiruv o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston mazkur shahardagi tarixiy yodgorliklarni saqlash, restavratsiya qilish ishlarida xalqaro konservatsiya uslublariga qanchalik amal qilinayotgani, tarixiy yodgorliklardan boshqa maqsadlarda foydalanilmayotganini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonovning ma'lumot berishicha, may oyida ham bu shaharga YuNeSKO mutaxassislaridan iborat guruh keladi va tarixiy yodgorliklarni ko‘zdan kechiradi.

«YuNeSKOning joriy yil iyul oyida o‘tkaziladigan 44-sessiyasida shahrimizdagi holat xolisona kerakli hujjatlar bilan asoslanishini iltimos qilaman. YuNeSKOning may oyida keladigan o‘rganish guruhiga barcha sharoit yaratib beriladi. Xalqimizning 3000 yillik, shuningdek, Sohibqiron Amir Temur tarixini ommaga o‘z holida yetkazish uchun ham Shahrisabz shahri YuNeSKO ro‘yxatida bo‘lishi biz uchun muhim», – degan Akrom Sulaymonov.

Top