07:50 / 09.04.2021
2617

2020 yilda o‘rmon fondiga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rmon qonunchilik talablarini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sangin Madaminov ma'lum qildi.

“2020 yilda 500ta holatda noqonuniy ravishda o‘rmon hududiga tegishli buta va daraxtlarni kesish holati aniqlangan. Oqibatda, o‘rmon fondiga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. 2021 yilning o‘tgan 3 oyi davomida esa 100dan ortiq shunday holat ro‘y bergan. Asosan noqonuniy daraxt kesish holatlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik paytida sodir bo‘lgan”, dedi Sangin Madaminov.

Ta'kidlanishicha, yilning o‘tgan davrida respublika o‘rmon xo‘jaliklarida jami 181ta qonunbuzarlik aniqlanib, ushbu qonunbuzarlik oqibatiga o‘rmon fondiga 600 mln so‘mdan oshiq zarar keltirilgan. Shundan 119tasida noqonuniy ravishda daraxt kesish aniqlangan.

Shuningdek, o‘rmon fondi maydonlarida aniqlangan o‘rmon qonunbuzarliklarini onlayn tarzda rasmiylashtirish dasturi ishlab chiqilib, 2020 yilning dekabr oyida Sirdaryo viloyatida test rejimida ishga tushirildi.

Dastur joriy etilgandan so‘ng ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar uchun sarflanadigan vaqt 30 foizga qisqarishiga erishiladi. Aprel oyidan boshlab bu dasturdan butun respublika bo‘ylab o‘rmon xo‘jaligi tizimida foydalanilyapti.

Mavzuga oid
Top