14:08 / 09.04.2021
16518
Angren shina zavodi bo‘yicha jinoiy ish ochilgani haqida xabarga tushunmovchilik sabab bo‘lgan - Doniyor G‘aniyev

O‘zLiDeP partiyasi matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhada xatolikka yo‘l qo‘yilgani bois, Angren shina zavodi ustidan tergov boshlangan, degan ma'no kelib chiqqan. Aslida tergov «Salomatlik-3» loyihasi bo‘yicha boshlangani ma'lum qilindi.

Foto: brz.uz

2 aprel kuni O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev tashqi qarz evaziga qurilgan Angren shina zavodining faoliyati muvaffaqiyatsizligi uchun javobgarlarga qanday chora ko‘rilayotgani bo‘yicha Hisob palatasiga savol bilan yuzlangandi.

«156 million dollarga zavod qurilgan. Shinalar ishlab chiqarilmoqda. Eng achinarlisi, shundoqqina Andijondagi UzAuto Motors bu shinalarni sotib olmayapti. Sabab sifatida bu mahsulotlar GM kompaniyasi standartlariga sertifikatlashtirilmagani keltirilmoqda. Nahotki, bu loyiha ishlab chiqilayotganda birinchi bozorimiz bo‘lgan ichki avtomobillar sertifikat talablariga moslashishi zarurligi o‘ylanmagan bo‘lsa?!

Loyiha tashabbuskorlariga, uni ishlab chiqqanlarga chora ko‘riladimi yoki shunchaki 156 million dollar suvda oqib ketdi, deb ketilaveradimi? Shu bo‘yicha huquq-tartibot organlariga taqdimnoma kiritdinglarmi?» deya savol qo‘ygan deputat yig‘ilishda.

Doniyor G‘aniyev o‘zining bu mavzudagi keyingi chiqishida noaniqlikka yo‘q qo‘yilgani, Angren shina zavodi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani to‘g‘risidagi ma'lumot asossiz ekanligini ma'lum qildi.

«2 aprel kuni O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Hisob palatasining 2020 yilgi faoliyati yuzasidan hisoboti eshitildi.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalar jarayonida men tashqi qarz hisobiga moliyalashgan hamda HP tomonidan o‘rganilgan 2ta loyiha yuzasidan savol bergandim. Ya'ni Angren shina zavodi loyihasi va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan «Salomatlik-3» loyihasi. Mana shu loyihalar bo‘yicha Hisob palatasi rahbariyati tomonidan ikkita alohida-alohida javob berilgan.

Lekin negadir partiya matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhada xatolikka yo‘l qo‘yilib, aynan «Salomatlik-3» loyihasi bo‘yicha berilgan javob Angren shina zavodi bo‘yicha berilgan savolga javob tarzida yuklangan. Bu tushunmovchilik ortidan OAVda Angren shina zavodi bo‘yicha jinoiy ish ochildi, tarzida xabarlar tarqabdi.

Aslida jinoiy ish «Salomatlik-3» loyihasi doirasida ochilgan. Uni videoda, HP rahbariyatning javobida ham eshitish mumkin va unda «Salomatlik-3» loyihasi doirasida barcha hujjatlar huquq-tartibot idoralariga taqdim etilgani ma'lum qilingan.

Angrendagi zavod bo‘yicha esa hozirda korxonada to‘liq quvvatda ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, iqtisodiy muammolarni bartaraf etish, korxona mahsulotlariga sertifikat olib, kelajakda UzAutoMotors tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni shina bilan ta'minlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etilgan.

Yana ko‘plab muhokamalarda go‘yoki korxona mahsulotlari sifatsiz ekani ham aytilibdi. Lekin men bu fikrga qo‘shilmayman. Shaxsan o‘zim zavodning «Bars» rusumli shinalaridan foydalanaman.

Bu yerda asosiy savol loyihaning iqtisodiy samaradorligi, ya'ni loyihani ishlab chiqish jarayonida nega sertifikatlashtirish birinchi navbatda hal qilinmaganligiga yo‘naltirilgan edi.

E'tirozim ham shunda edi. Nega loyiha ishga tushganiga 2 yildan o‘tgan bo‘lsa-da shu kungacha aynan UzAutoMotors’ga shinalar yetkazib berishni ta'minlaydigan sertifikatlash ishlari yakuniga yetmaganligi, loyiha biznes rejalarida qayd etilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishilmaganligi sabablari hamda bu xatoliklarning oldini olish, zavod faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha aniqlik kiritish edi. Zero, zavod moliyaviy sog‘lom bo‘lishi, yaratilgan ish o‘rinlari saqlab qolinishi, qo‘shimcha qiymat yaratish orqali mamlakat iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shishi va eng muhimi olingan daromadlar hisobiga loyiha uchun jalb qilingan qarz mablag‘lari to‘lanishi eng muhim masala, deb hisoblayman», deb yozadi Doniyor G‘aniyev.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda «Salomatlik-3» loyihasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va maqsadsiz sarflangan mablag‘lar yuzasidan tergov harakati olib borilmoqda. 

«Shu o‘rinda «Salomatlik-3» loyihasi haqida qisqacha. 2012-2018 yillarda loyiha doirasida Jahon bankining qarz mablag‘lari hisobiga tibbiyotning quyi bo‘g‘inlariga 108,5 mln dollarlik tibbiy jihozlar xarid qilingan. Lekin HP o‘rganishlarida aniqlanishicha, yuqori narxlar kiritish orqali loyiha qiymati 20,1 mln dollarga asossiz oshirilgan. Shuningdek, loyiha doirasida 18,5 mln dollarlik mablag‘lar maqsadsiz va ortiqcha sarflangan yoki kerakli jihozlar o‘rniga boshqa jihozlar rejaga nisbatan ortiqcha xarid qilingan. 19,1 mln dollarlik ba'zi tibbiy jihozlar esa 3 yilgacha tibbiy muassasalarga tarqatilmay, omborxonalarda qolib ketgan.

Bularning natijasida quyi tibbiyot bo‘g‘inlarini yetarli va sifatli tibbiy uskuna hamda jihozlar bilan ta'minlash rejasi bajarilmagan.

Bu xato va qonunbuzilishlar badali esa ming afsuski, chekka hududlarda, jumladan, men saylangan Marg‘ilonda ham onalar va bolalar o‘limlari bilan to‘lanmoqda. Shu sabab, bu loyiha doirasida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan, mablag‘larni talon-toroj qilganlar albatta jazo olishi kerak», degan deputat o‘z postida.

Top