08:08 / 09.04.2021
8685
Britaniyaning eng boy odamlaridan biri o‘z uyida o‘ldirib ketildi 
Foto: Danny Lawson

Britaniyaning eng boy odamlaridan biri, 83 yoshli Richard Satton Angliyaning janubida joylashgan uyida o‘ldirib ketildi. The Times nashrining xabar berishicha, bir nechta mehmonxona egasi bo‘lgan tadbirkor 7 aprelda Gillengem shahri yaqinidagi uyida pichoqlab ketilgan

Sattonni tan jarohatlari bilan qo‘shnilaridan biri aniqlagan va politsiya chaqirtirgan. Jinoyat joyiga kelgan politsiya Sattonning soat 21:15da o‘lganini qayd qilgan. 

Bundan tashqari, tadbirkorning 60 yoshli rafiqasi ham pichoqlangan. U vertolyotda Bristoldagi shifoxonaga yetkazilgan va hozirda ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. 

Politsiya ushbu jinoyat bo‘yicha gillengemlik 34 yoshli erkakni qo‘lga olgan. Ta'kidlanishicha, u Satton bilan tanish bo‘lgan. The Times’ning xabar qilishicha, politsiyachilar qotillikda gumonlanayotgan erkakning Sattonning uyidan Range Rover mashinasida London tomon ketganini tezlikda aniqlashgan. Shundan keyin mashina ortidan qariyb 200 km kuzatib borilib, so‘ngra erkak Londonda qo‘lga olingan. Gumonlanuvchi ham jarohatlangan bo‘lgan va shifoxonaga yetkazilgan.  

Qotillik sababi ma'lum qilinmagan, uning yuzasidan tergov boshlangan. 

Richard Satton 301 mln funt sterling (415 mln dollar) boylik bilan Britaniyaning eng boy odamlari ro‘yxatida 435-o‘rinni egallagan. Unga bir nechta mehmonxonalar, jumladan, Londondagi 5 yulduzli Sheraton Grand va Ateneum tegishli bo‘lgan.

Top