12:27 / 09.04.2021
13932
Kreml uslubidagi karantin: Putinni koronavirusdan himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rildi?

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Rossiya prezidenti Vladimir Putinni himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rildi. Xo‘sh, Kreml uslubidagi karantin xarajatlari miqdori qanchani tashkil etadi? BBC rus xizmati jurnalistlari ushbu masalada surishtiruv o‘tkazdi.  

Foto: ALEXEI DRUZHININ\TASS VIA GETTY IMAGES

Uchuvchilar, shifokorlar, Putinning mehmonlari va haydovchilari karantinga olingan

Qayd etilishicha, so‘nggi bir yil ichida yuzlab odamlar Putin bilan yaqin aloqada bo‘lishdan oldin o‘zini ihotalashi talab etilgan. Ba'zi odamlar esa Putin bilan yaqin aloqada bo‘ladiganlar bilan uchrashganlari uchun o‘zlarini izolyatsiyada saqlashi kerak edi.

2020 yil 25 mart kuni Putin 1 apreldan «ishlanmaydigan hafta» boshlanishini e'lon qiladi va ko‘p o‘tmay to‘liq lokdaun boshlanadi.

Shunday qilib, Rossiya aviakompaniyasining Putinga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus guruhidagi 60 nafar shaxs va hukumatning yuqori lavozimdagi mulozimlari 2020 yil 26 mart kuni Moskva yaqinidagi mehmonxonada karantinga olinadi.

O‘shandan beri yuzlab uchuvchilar, shifokorlar, Putinning mehmonlari, haydovchilari va boshqa xodimlar prezidentni koronavirusdan himoya qilish uchun Rossiyadagi o‘nlab mehmonxonalarda karantinga olingan.

Yaqinda Putin Rossiyada ishlab chiqilgan vaksina bilan emlandi, ammo u qaysi vaksina ekanligi oshkor qilinmadi. Karantin mehmonxonalarini joriy etish amaliyotini keyingi yilga qadar davom ettirish kutilmoqda.

Davlat budjetidan qancha sarflanmoqda?

BBC rus xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, prezident idorasining munosib ishlashi uchun mas'ul bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasi pandemiyaga qarshi kurashish uchun davlat budjetidan 84 million dollar olgan.

Shuningdek, Kremlning karantin dasturi uchun kamida 12ta mehmonxonadan foydalanilayotgani aniqlandi.

Ushbu mehmonxonalar Moskvada, anneksiya qilingan Qrimda, 2014 yilgi Olimpiada bo‘lib o‘tgan va Putinning sevimli dam olish maskanlaridan biri bo‘lmish Sochi shahri yaqinida joylashgan.

Ro‘yxatda xususiy mehmonxonalarning yo‘qligi va barcha mehmonxonalar Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasiga qarashli ekani ta'kidlandi.

Ba'zi mehmonxonalar 2022 yilning martiga qadar bron qilingan.

Mehmonxonalarda qolayotganlarning aksari Rossiya aviakompaniyasi ekipajidir.

Jamoa Putin, bosh vazir Mixail Mishustin va boshqa sakkiz nafar vazirga xizmat ko‘rsatadi.

Parad oldidan 200 kishi karantinga olingan

BBC rus xizmati Putin o‘tgan yilning ko‘p qismini Sochidagi uyida o‘tkazganini aniqladi.

Vaziyatga yaqin bo‘lgan yana bir manbaning ta'kidlashicha, Sochida o‘nlab uchuvchilar va aviakompaniya xodimlari karantinda qolgan.

2020 yil 9 maydan 24 iyunga ko‘chirilgan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani nishonlash maqsadida o‘tkazilgan harbiy paradda faxriylar, taniqli shaxslar Putin bilan qo‘l berib ko‘rishgandi.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Putin bilan yaqin aloqada bo‘lishdan oldin 200 kishi, shu jumladan, 80-90 yoshli faxriylar tadbirdan ikki hafta oldin karantinga olingan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham marosim oldidan bir guruh faxriylarning juda yaxshi sharoitlarda karantinga kirganini tasdiqlagan va bu tadbir faxriylarning salomatligi va xavfsizligi uchun qilinganini ta'kidlagandi.

Shuningdek, TASS va RIA Novosti davlat axborot agentliklari 20 nafarga yaqin jurnalist ham Moskvadagi mehmonxonada karantinga olinganini xabar qilgandi.

Jurnalistlar bir kishilik xonalarda qolishgan, bir-birlari bilan yuzma-yuz muloqot qila olishmagan; chekishlari, spirtli ichimlik ichishlariga ruxsat berilmagan, tashqaridan kelgan paketlar dezinfeksiya qilingan, kunda uch mahal xonalarining eshigi oldida qoldirilgan idishlarda ovqatlanishgan. Jurnalistlar bilan yuzma-yuz aloqada bo‘lganlarning barchasi shaxsiy himoya kiyimida bo‘lgan.

Putin bilan uchrashuvdan oldin mahalliy siyosatchilar ham izolyatsiyada bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalgan.

Shuningdek, Putinning tashrifi chog‘ida Sarov shahrida uning koronavirusga chalinishining oldini olish maqsadida Nijniy Novgorod oblasti hokimiyati tomonidan 13 ming dollar sarflangani haqida xabar berilgan.

BBC rus xizmati Sarov rasmiylaridan 20 kishi faxriylar uchun qurilgan mehmonxonada turganini aniqladi. Putinni himoya qilish chora-tadbirlari va unga qilingan xarajatlar to‘g‘risida so‘ralgan bo‘lsa-da, Kreml vakili Dmitriy Peskov ushbu savollarga javob bermagan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top