19:16 / 09.04.2021
4383
Moliya vazirligi: Xalq ta'limi vazirligi tizimida 72,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi

Aniqlanishicha, davlat budjetining 42 milliard so‘m mablag‘i ortiqcha to‘lovlar va o‘zlashtirishlar oqibatida noqonuniy sarflab yuborilgan. 7,1 milliard so‘m samarasiz davlat xaridlariga, 2,7 milliard so‘m sifatsiz qurilish–ta'mirlash, 16,7 milliard so‘m kommunal to‘lovlarga asossiz ishlatilgan.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan Xalq ta'limi vazirligining 64 ta tuman va shahar bo‘limlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 72,4 milliard so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning ortiqcha to‘lanishi, xodimlarning plastik kartochkalariga ortiqcha mablag‘ o‘tkazish hamda bankdan olingan naqd pullarni o‘zlashtirish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilishi natijasida 42 milliard so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari noqonuniy sarflangan.

«Misol uchun, Guliston shahar xalq ta'limi bo‘limida pedagog va boshqa xodimlarga hisoblangan ish haqi to‘lovlaridan naqd pulda to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘ga nisbatan budjet mablag‘lari hisobidan 4 milliard so‘m miqdoridagi naqd pullar bankdan ortiqcha olinib, markazlashgan hisobxona bosh hisobchisi va g‘aznachisi tomonidan soxta to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirish orqali o‘zlashtirib yuborilgan», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Shuningdek, sifatsiz bajarilgan va bajarilmagan qurilish–ta'mirlash ishlari uchun 2,7 milliard so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari asossiz sarflangan. Tovar-moddiy boyliklarining o‘z vaqtida kirim qilinmasligi, asossiz xarajatga chiqarilishi va kamomadga yo‘l qo‘yilishi oqibatida 4 milliard so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga zid ravishda tanlov (tender) o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish hamda moddiy boyliklarning qimmat narxlarda xarid qilinishi hisobiga 7,1 milliard so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari samarasiz sarflab yuborilgan.

Keltirilishicha, Samarqand viloyatining 8 ta tumani va Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limlari tomonidan 31 holatda tanlov (tender) o‘tkazilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilishi, ishlarni bajarganlik to‘g‘risidagi dalolatnomalar tuzilmagani natijasida 5,7 milliard so‘m mablag‘ viloyat hokimligi injiniring kompaniyasining budjetdan tashqari maxsus hisobraqamiga o‘tkazib berilgan.

«Xodimlar nomidan oldindan to‘lab berilgan turli to‘lovlar ish haqidan chegirib qolinmasligi hamda ijarachi tashkilotlar foydalangan elektr energiya, ichimlik suvi va tabiiy gaz uchun budjet hisobidan to‘lovlarning amalga oshirilishi natijasida 16,7 milliard so‘m budjet mablag‘lari asossiz sarflab yuborilgan», deyilmoqda rasmiy ma'lumotda.

Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov (11 ta), Zarbdor (3 ta), G‘allaorol va Baxmal (1 tadan) tumanlari Xalq ta'limi bo‘limlariga qarashli umumta'lim maktablarida jami 16 nafar pedagog xodimlar mutaxassisligi bo‘yicha soxta diplomlar asosida ta'lim berib kelayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, Samarqand (841), Sirdaryo (317), Andijon (302), Buxoro (247), Toshkent (139), Namangan (94), Surxondaryo (39) viloyatlari va Toshkent shahrida (357) jami 2 340 nafar o‘qituvchilar mutaxassisligiga mos bo‘lmagan fanlardan (nomutaxassis sifatida) ta'lim berib kelayotganligi ma'lum bo‘lgan. 

Nazorat tadbirlari natijasida 11,1 milliard so‘mlik xato va kamchiliklar bartaraf etilgan va budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar tiklanishi ta'minlangan. 72,4 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Avvalroq, Beruniy tumanidagi 420 million so‘mga qurilib foydalanishga qabul qilinganligi ko‘rsatilgan 58-maktab filialida umuman qurilish bo‘lmagani aniqlangandi.

Hisob palatasi 2020 yil davomida 671 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar va o‘zlashtirishlarni aniqlagani, shundan Xalq ta'limi vazirligi muassasalarida 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato, kamchiliklar va o‘zlashtirishlar sodir etilgani xabar qilingan.

Shuningdek, 2020 yil davomida Maktabgacha ta'lim tizimida qariyb 51,8 milliard so‘mlik moliyaviy kamomad aniqlangan.

Top