15:29 / 09.04.2021
1772
O‘zbekiston tumanida tibbiyot birlashmasi xodimlarining ish haqlari yer va mol-mulk solig‘iga ushlab qolindi. Viloyat soliq boshqarmasi bunga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashga majburlanayotgani, buning uchun xodimlarning ish haqlari to‘lig‘icha soliq uchun ushlab qolinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi axborot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ta'kidlanishicha, jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini o‘z muddatlarida to‘lamagan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun belgilangan miqdorda penya hisoblanadi.  

Soliq idoralari tomonidan soliq to‘lovchilarga yer va mol-mulk soliqlarini o‘z vaqtida to‘lashlarini ta'minlash maqsadida to‘lov xabarnomalari jo‘natilgan. Xususan, O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasi 590 nafar xodimining yer va mol-mulk soliqlaridan jami 104,5 million so‘m miqdoridagi qarzdorliklarini o‘z vaqtida to‘lash yuzasidan ham xabarnomalar berilgan.  

Ma'lum bo‘lishicha, xodimlarning roziligiga asosan, 2021 yil fevral oyi ish haqidan jami 22 million so‘m soliq to‘lovlari uchun ushlab qolinib, budjetga o‘tkazib berilgan va xodimlarga Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan to‘lov ma'lumotnomasi tarqatilgan.

Shuningdek, boshqarmaning O‘zbekiston tuman moliya bo‘limiga tayanib xabar berishicha, tibbiyot birlashmasi ishchi xodimlarining 2021 yil mart oyi ish haqlari bank plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.

Top