12:00 / 09.04.2021
9767
Urgutda yirik savdo markazini ochgan kompaniya oltmish nafar yetim bolani qaramog‘iga oldi

Urgut tumanida “SXF CONSTRUCTION GROUP” kompaniyasi tomonidan “URGUT MALL” savdo kompleksi qurib foydalanishga topshirildi.

Aytish mumkinki, mazkur savdo markazining ochilishi urgutliklar uchun katta bir qulaylik yaratish barobarida ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishiga, xayrli loyihalar amalga oshirilishiga sabab bo‘ldi.

Savdo markazining qurilish ishlari “SXF CONSTRUCTION GROUP” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “BIG STROY BILDING” MChJ tomonidan amalga oshirildi.

Markaz ikki yil davomida qurilib, uning umumiy qiymati 150 milliard so‘mni tashkil qiladi. Uch qavatli savdo markazida jami 1200 ta do‘kon mavjud bo‘lib, xaridor va tadbirkorlar uchun zarur sharoitlar inobatga olindi. Havo haroratini mo‘'tadil saqlab turish maqsadida 3 mln dollarlik zamonaviy isitish-sovitish tizimi yaratildi.

Shuningdek, savdo markazi uchun viloyatda yagona bo‘lgan besh qavatli avtoturargoh ham tashkil qilindi. “Stoyanka” 20 000 kvadrat metrdan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1800 ta avtomashinaga xizmat ko‘rsata oladi.

Savdo markazi ochilishi bilan ikki mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Maskanning ochilish marosimida yana bir qator xayrli loyihalar o‘tkazildi. Xususan, “SXF CONSTRUCTION GROUP” kompaniyasi tomonidan “Temir daftar”ga kiritilgan ellik nafarga yaqin ayol ish bilan ta'minlandi. Kam ta'minlangan ellik nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazilib, ularga sovg‘a-salomlar topshirildi. Shuningdek, oltmish nafar yetim bola uchun plastik karta ochildi. Ular voyaga yetgunga qadar, o‘zlarining nomiga ochilgan plastik kartalarga 500 000 so‘mdan o‘tkazib beriladi. O‘z navbatida, bolalar voyaga yetgach, ularni ish bilan ta'minlashni ham kompaniya zimmasiga oldi.

Tadbir davomida “SXF CONSTRUCTION GROUP” kompaniyasi tomonidan qurilgan uy va savdo do‘konlaridan yil davomida xarid qilgan xaridorlarga ikkita “Gentra” avtomobili va 100 ta maishiy texnika topshirildi.

 

Ma'lumot o‘rnida, “SXF CONSTRUCTION GROUP” kompaniyasi tomonidan Urgut tumani Kamangaron mahallasida qurilgan maktabgacha ta'lim muassasasining ochilish marosimida ham "Temir daftar"ga kiritilgan yigirma nafar oila farzandlarining sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi. Shuningdek, Samarqand shahridagi SXF MAKON MALL (sobiq GUM) binosi kapital ta'mirlanib, foydalanishga topshirilishida 40 nafar chin yetim bolalar kompaniya tomonidan homiylikka olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, “SXF CONSTRUCTION GROUP” kompaniyasi tarkibida 12 ta MChJ mavjud bo‘lib, hozirgi vaqtda ular tomonidan respublikamizning qator hududlarida 30 ga yaqin yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Kompaniya barcha obektlarni xalqimizga topshirish davomida xayrli va savobli ishlarni amalga oshirib borishni rejalashtirgan.

Top