17:38 / 10.04.2021
28120

Namanganda nima bo‘lgandi o‘zi? #FootWeek'dan maxsus reportaj

Superliga 5-turining markaziy o‘yini Namanganda o‘tkazildi. Mahalliy «Navbahor» o‘z maydonida «Paxtakor»ni qabul qildi. O‘yinda Dragan Cheranning dubli evaziga «Paxtakor» g‘alaba qozondi. G‘alaba golini serbiyalik futbolchi 90-daqiqada penaltidan urdi. Bu esa mahalliy muxlislarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Bosh hakam Firdavs Norsafarov Sardor Rashidov yiqilgan holatda avvaliga penalti belgilashga ikkilanib turdi. VAR'dagi hakamlar bilan maslahatlashib, vaziyatni o‘zi ekranda takroran ko‘rgach, namanganliklar darvozasiga penalti belgiladi.

Shundan keyin maydonda va undan tashqari juda xunuk ishlar bo‘lib ketdi. «Paxtakor» futbolchilari haqorat qilindi, ularga tosh otildi, Dragan Cheranni alohida so‘kishdi, «Paxtakor» futbolchilari o‘yindan keyin kiyinish xonasiga kirib ketayotganda «Navbahor» futbolchisi, klub rahbariyati vakillari ularni urmoqchi bo‘ldi, haqorat qildi. Bu ham yetmagandek ichida hakamlar bor deb o‘ylagan muxlislar «aybi» uchrashuvni jonli efirda olib bergan O‘z MTRK mashinasiga hujum qilishdi. Hujumdan mahalliy IIB xodimlari ham quruq qolishmadi.

Xullas, maydondagi kurashlarga yarashadigan jo‘shqinlik tashqarida bo‘ldi, maydonda ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan mahorat maydondan tashqarida «ko‘z-ko‘z qilindi».

#FootWeek'ning ushbu sonini aynan «Navbahor»  — «Paxtakor» o‘yiniga bag‘ishlashni niyat qilib, pozitiv kayfiyatda, maydonda chinakam mahoratlar to‘qnashuvini ko‘rishni kutib yo‘lga chiqqandik. O‘yin tugagach, sizga Yevropa futbolini eslatuvchi qaynoq atmosferani ichkaridan ko‘rsatmoqchi edik, lekin afsuski kameramiz siz uchun asosan negativ kadrlarni suratga oldi.  Ochig‘i bu o‘yin haqida gapirish mumkin bo‘lgan pozitiv jihatning o‘zi yo‘q. Shunchaki tomosha qiling va holatga o‘zingiz baho bering. Yoqimli tomosha!

Top