16:37 / 10.04.2021
3909
Shimoliy Irlandiya poytaxtidagi tartibsizliklar bir necha kundan buyon to‘xtamayapti

Tartibsizliklar boshlanishiga «Shinn feyn» partiyasining yuqori lavozimdagi rahbarlari terrorchilik faoliyati olib borgan «Irlandiya respublika armiyasi» guruhi sobiq a'zosining ta'ziya marosimida ishtirok etgani sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

Shimoliy Irlandiya poytaxtida bir necha kundan buyon tartibsizliklar to‘xtamayapti. 9 aprel kuni Belfast shimolida tartibsizliklar ishtirokchilari politsiya xodimlariga tosh va yonuvchi aralashma solingan shisha idishlar uloqtirishdi. Ma'lumot berilishicha, bir necha politsiyachi jarohatlangan. Tartibsizliklar boshlanganidan buyon kamida 55 politsiyachi jarohat olgan.

Londondagi hukumatga xayrixoh bo‘lgan namoyishchilar tartibsizliklar ishtirokchilarini Britaniya qirolichasi Yelizavetaning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filippning o‘limi munosabati bilan qirolichaga hurmat ko‘rsatishga chaqirishdi. Ammo ular faqat aksiyani to‘xtatib turish niyatida va qirollikdagi motam marosimi tugaganidan so‘ng aksiyani yana davom ettirishmoqchi.

Tartibsizliklar boshlanishiga «Shinn feyn» partiyasining yuqori lavozimdagi rahbarlari terrorchilik faoliyati olib borgan «Irlandiya respublika armiyasi» guruhi sobiq a'zosining ta'ziya marosimida ishtirok etgani sabab bo‘ldi.

Prokuraturaning ularni koronavirusga qarshi kurash qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qarori Londonga xayrixoh bo‘lgan namoyishchilar e'tiroziga sabab bo‘ldi. 

Shimoliy Irlandiyada o‘tgan o‘ttiz yil davomidagi o‘zaro nizo oqibatida 3500dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 50 mingga yaqin kishi jarohatlangan.

Top