11:27 / 10.04.2021
14563
«Triller kinolardagi kabi» - Toshkent metrosida poyezd eshikni yopmay harakatlandi

Toshkent metrosida so‘nggi bir oy ichida to‘rtinchi marta noxush holat ro‘y berdi. Chilonzor yo‘nalishida poyezd «Pushkin» bekatidan «Buyuk ipak yo‘li» bekatigacha eshikni yopmay harakatlandi.

Internetda tarqalgan videodan harakat paytida tarkibdagi kamida bitta eshik ochiq qolgani, ochiq eshik yonida bir necha yo‘lovchilar turganini ko‘rish mumkin.

«Bunaqa dahshatni faqat triller kinolarda ko‘rish mumkin edi, ammo o‘z ishiga mas'uliyatsiz insonlarning kasriga, ming afsuski, bizda bunaqa holatlar kundalik voqeaga aylanib qolayotgandek», – deya yozadi videoni kanalida e'lon qilgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

So‘nggi paytlarda Toshkent metrosi ko‘ngilsiz hodisalar bilan tez-tez jamoatchilik diqqat markaziga tushmoqda.

18 mart kuni metroning yer usti Sergeli yo‘nalishi boshlanish joyida ikki poyezd to‘qnashib ketgan edi. To‘xtab qolgan tarkibga ortidan kelgan boshqa bir tarkib kelib urilgandi.

7 aprel kuni esa O‘zbekiston yo‘lining «G‘afur G‘ulom» bekatida poyezd texnik sabablarga ko‘ra to‘xtab qoldi, natijada yo‘lovchilar boshqa tarkibga ko‘chirildi, yurmay qolgan poyezdni boshqa bir poyezd shatakka olishiga to‘g‘ri keldi.

Bu voqeaning ertasiga, 8 aprel kuni ertalab qurilganiga bir yil bo‘lmagan Sergeli yo‘nalishida avariyaviy holat ro‘y berdi: kontakt relsining kronshteynlari chiqib ketdi, natijada vagonlardagi yo‘lovchilar yer usti metrosi bo‘ylab piyoda ketishlariga to‘g‘ri keldi. Yo‘nalishdagi qatnov 6 soatga to‘xtab qoldi.

Top