21:07 / 10.04.2021
2818
YeI AQShga o‘zaro bojlarni yarim yil to‘xtatib turishni taklif qildi

Yevrokomissiya raisi o‘rinbosarining fikricha, bojlarning olti oyga to‘xtatib turilishi «Atlantikaning ikkala tomonidagi sanoat va ishchilarning tin olishiga imkon beradi».

Foto: Francois Lenoir/Reuters

Yevroittifoq AQShga o‘zaro bojlarning amal qilishini yarim yilga to‘xtatib turishni taklif qildi, deb xabar berdi Yevrokomissiya (YeK) raisi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis. Bojlar Boeing va Airbus kompaniyalariga subsidiyalar berilgani borasidagi bahsdan so‘ng kiritilgandi.

Tomonlar mart oyida bojlarni to‘rt oy muzlatib turishga kelishib olgandi.

YeK raisi o‘rinbosarining fikricha, bojlarning olti oyga to‘xtatib turilishi «Atlantikaning ikkala tomonidagi sanoat va ishchilarning tin olishiga imkon beradi».

«Biz barcha o‘zaro bojlarning amal qilishini olti oyga to‘xtatib turishni taklif qildik», – dedi Dombrovskis.

AQSh va YeI o‘rtasidagi savdo bahsi 2019 yilda, Jahon savdo tashkiloti (JST) Airbus Yevropa mamlakatlaridan 15 yil davomida subsidiya olib kelganini noqonuniy deb topganidan so‘ng boshlangandi.

JST AQShga YeIning 7,5 mlrd dollarlik mahsulotlari uchun tariflar joriy etishga ruxsat berdi, so‘ngra YeIga ham AQShning 4 mlrd dollarlik mahsulotlariga boj kiritish huquqini berdi.

Top