17:28 / 11.04.2021
23254

Birinchi raqamli milliarder. Jyeff Bezos bunday muvaffaqiyatga qanday erishgan?

«Agar qandaydir qiziqarli ish boshlagan bo‘lsangiz sizga albatta tanqid toshlari otiladi. Agar tanqidni to‘g‘ri qabul qila olmasangiz, shunchaki qiziqarli va yangi ishga qo‘l urmaganingiz ma'qul», degan edi Amazon kompaniyasi asoschisi Jyeff Bezos.

Foto: Getty Images

Bezosning bu fikri bizdagi «ishlaydigan odam xato qiladi» yoki «mevali daraxtga tosh otiladi», degan naqlga o‘xshab ketadi. Hamisha o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan, faqat oldinga intilgan, xato qilishdan cho‘chimagan Jyeff Bezos bugun dunyodagi eng boy insonga, u asos solgan Amazon kompaniyasi esa internet bozorining yetakchi kompaniyalaridan biriga aylandi.

Bolalik yillari

1964 yil 12 yanvarda Nyu-Mexiko shtatidagi Albukerk shahrida Teodor (Ted) Yorgensen va Jaklin Giz oilasida chaqaloq dunyoga keladi. Unga yaxshi niyatlar bilan Jyeff, deb ism qo‘yishadi. Yosh oila shahardagi Sut-Ist-Hayt okrugidan ijaraga uy olib yashay boshlaydi. Teodor mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladigan sirk tomoshalarida qatnashar, biroq bu ro‘zg‘or tebratishga yetmasdi. Shu bois, Teodor do‘konlardan biriga ishga kiradi. Biroq yosh ota-ona oilaviy hayotga tayyor emasligi baribir o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Hayotning past-balandi, achchiq-chuchugiga chidolmagan Teodor ichkilikka ruju qo‘yadi, kechalari uyga kelmaydigan odat chiqaradi. Bunday tashvishlar, asabiy zo‘riqishlar bois Jaklin bolani olib, ota-onasining uyiga qaytadi.

Jyeff Bezosning yoshlikdagi suratlari

Oxir-oqibat oilaviy munosabatga darz ketadi — Jyeff o‘n yetti oyligida Jaklin va Teodor ajrashadi. Boshi ochiq yosh juvon bir necha yildan keyin asli kubalik Migel Bezosni uchratadi. Migel 1968 yilda Nyu-Mexiko universitetini tamomlagach, ular turmush qurib, Jyeffni birga katta qilishadi. To‘rt yoshli bola o‘gay otaning familiyasiga o‘tadi. Keyinchalik Bezoslar oilasi Hyuston shahriga ko‘chadi. Migel shahardagi Exxon kompaniyasiga ishga kiradi. Oradan biroz muddat o‘tgach, ularning oilasida yana bir qiz va bir o‘g‘il – Kristina va Mark tug‘iladi.

Jyeff o‘n yoshga to‘lganidagina Migel Bezos uning haqiqiy otasi emasligidan xabar topadi. Uning haqiqiy otasi Teodor Yorgensen oradan ancha vaqt o‘tgach, ya'ni Jyeffni butun dunyo tanigandan so‘ng, yozuvchi Bred Stoun Bezosning hayoti va faoliyati haqida kitob yozayotganida undan intervyu olishga kelganida o‘g‘li milliarder bo‘lib ketganidan voqif bo‘ladi.

Kompaniya nega Amazon deb nomlangan?

Bezos avval Hyustondagi River Oaks maktabida, oilasi bilan Mayamiga ko‘chib o‘tgach, o‘sha yerdagi «Palmetto» maktabida o‘qishni davom ettiradi. Maktabda a'lo baholarga o‘qigani uchun bitiruv kechasida xayrlashuv so‘zi unga topshiriladi. Qolaversa, u shtat miqyosidagi nufuzli «Kumush ritsar» mukofoti bilan ham taqdirlanadi. Jyeff Bezos 1986 yilda Prinston universitetini ham imtiyozli diplom bilan tamomlab, optik tolali kabellar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Fitel kompaniyasiga ishga kiradi. Oradan biroz muddat o‘tgach, Bankers Trust tashkilotida ishlay boshlaydi. Shundan so‘ng u D. E. Shaw hej-fondida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Mazkur kompaniyaga Kolumbiya universitetida faoliyat ko‘rsatgan professor Devid Shou 1988 yilda asos solgandi. Boshqa fondlardan farqli ravishda bu tashkilot bozorni tadqiq etishda matematik usullardan foydalanar, shu bois moliyachilar emas, matematik va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislarni ishga qabul qilardi. Jyeff esa bu sohani chuqur biladigan mutaxassislardan edi. Intiluvchan Bezos 1993 yilda kompaniyaning vitse-prezidenti darajasiga ko‘tariladi. Bu paytda u atigi 29 yoshda edi.

Jyeff Bezos o‘z ofisida. 1999 yil

O‘sha paytdan boshlab internet keng ommalasha boshladi. Shu bois, Bezosda onlayn-do‘kon ochish va buning uchun kompaniya tuzish g‘oyasi tug‘iladi. Jyeff kompaniyani mamlakatning qaysi shahrida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida biroz o‘ylanib qoladi. Shunda Vashington shtatidagi Sietl shahri yaqinida istiqomat qilgan uning yaqin bir do‘sti Bezosning kompaniyasiga mablag‘ ajratish, mahalliy huquqshunos, bankir va boshqa amaldorlar bilan uchrashtirishni va'da beradi. Bezos uning taklifini qabul qiladi va 1994 yilning 6 iyulida Cadabra kompaniyasiga asos soladi. Bu nom sehrgarlar foydalanadigan «abrakadabra» so‘zidan olingan edi. Biroq keyinchalik Bezos kompaniyaga yanada jarangdorroq nom qo‘yishga qaror qiladi. U ham xuddi Apple atamasi kabi hammaning e'tiborini torta oladigan bo‘lishi kerak edi. Shu bois, lug‘atni ochib, alifbodagi birinchi harf bilan boshlanuvchi so‘zlarga ko‘z yugurtirib, oxiri «Amazonka» degan so‘zga to‘xtaladi. Amazonka Janubiy Amerikada joylashgan dunyodagi eng sersuv daryoning nomi bo‘lib, u bu atama kompaniya uchun har jihatdan mos keladi, deb hisoblaydi. So‘z oxiridagi «k» va «a» harflaridan voz kechib, kompaniyani Amazon deb nomlaydi.  

Hammasi kitob savdosidan boshlangan

Yosh tadbirkor hali katta mablag‘ga ega bo‘lmagani bois Sietl shahridagi garajlardan birida kamtarona ofis ochadi. U eshikdan qo‘lbola qilib tayyorlangan eski stollar hamda bir necha kompyuter bilan jihozlangandi (hatto bugun ham kompaniya ofisida eshikdan yasalgan stollardan foydalaniladi. Bu mablag‘ni iqtisod qilish uchun emas, balki xodimlarga tejamkorlik haqida eslatib turish uchun). Ish boshlash uchun dastlab ota-onasidan 300 ming dollar mablag‘ olgan Jyeff odamlar internetdan nimalar xarid qilishi mumkinligi haqida bosh qotira boshlaydi va eng zarur buyumlar ro‘yxatini tuzib chiqadi. Biroq Jyeff ular ichidan eng yaxshisini, unga foyda keltiradiganini tanlashi lozim edi. Va u uzoq mushohadadan so‘ng kitobga to‘xtaladi. Kitob sifati buzilmaydigan, u qadar og‘ir bo‘lmagan, buyurtmachiga yetkazishda har jihatdan qulay mahsulot edi. 1995 yilning 16 iyulida Amazon.com sayti ishga tushirilib, buyurtma qabul qilina boshlandi. Sayt orqali ilk xarid o‘sha yili amalga oshadi. O‘sha paytda Amazon’ning ma'lumotlar bazasida millionlab kitoblarning nomlari bor edi. Biroq kompaniyada kitobning o‘zi yo‘q edi.  Kompaniya internet orqali buyurtmalarni qabul qilib, ro‘yxatni hamkorlik o‘rnatgan nashriyotlarga yuborardi, ulardan esa kitoblarni qabul qilib olardi. Asta-sekin ishi yurishib buyurtmalar borgan sari oshib boraverdi. Kompaniya xodimlari kuni bo‘yi internetda buyurtmalarni ro‘yxatga olish, kechasi esa omborxonada kitoblarni qabul qilish, ularni kompaniyaning maxsus qutilariga joylash va buyurtmachilarga yetkazish bilan shug‘ullanardi. Buyurtma qilish uchun saytdagi nashrlardan keraklisini tanlash, kredit karta raqamini kiritish (telefon orqali operatorga og‘zaki aytish imkoniyati ham bor edi) hamda yetkazib berilgan kitob uchun to‘lovni amalga oshirish talab etilardi.

Oradan ko‘p o‘tmay, internet-do‘kon haftasiga qariyb 20 ming dollarlik kitob sota boshladi. Raqobatchi kitob do‘konlari orasida «hech bir Internet-do‘kon, haqiqiy kitob do‘koni o‘rnini bosa olmaydi», «Kitob do‘konlarini aylanib, ulardan taralayotgan isni his qilgandek muhitni yarata olmaydi», deganlar ham topildi. Biroq raqobatchilarning fikri o‘zini oqlamadi. Ikki yildan so‘ng, 1997 yilda Amazon.com tarmoqlari AQShning barcha shtatlari hamda dunyoning 160ta mamlakatiga kitob yetkazadigan yirik kompaniyaga aylanadi. O‘sha yili uning aksiyalari Nyu-York birjasida sotila boshlaydi. 1999 yilda Jyeff Bezosni Time jurnali «Yil odami» sifatida e'tirof etadi.

Bezos 2000 yilda Blue Origin aerokosmik kompaniyasiga asos soldi. 1998 yilda Google kompaniyasiga 250 million dollar sarmoya kiritib, uning yirik aksiyadorlaridan biriga aylanadi. 2013 yilda esa 250 million dollar evaziga The Washington Post nashriyot-uyini sotib oladi.

Joriy yilning mart oyi holatiga ko‘ra, Jyeff Bezosning boyligi 182 milliard dollarga baholanmoqda. Uning yaqin ta'qibchisi —Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Maskning boyligi 164 milliard dollarni tashkil etadi. Uchinchi o‘rinda esa 157 milliard dollar bilan LVMH Moët Hennessy — Louis Vuitton kompaniyasi rahbari Bernar Arno bormoqda.     

Dunyoda eng qimmat ajrim

Bezos nafaqat omadli, balki serqirra shaxs, ayni paytda o‘ta kamtar inson. Jyeff Bezosning bugun yuksak cho‘qqilarni zabt etib, dunyodagi eng boy tadbirkorga aylanishida hayot yo‘llarida unga uzoq yillar hamroh bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Makkenzi Tattl (Bezos)ning alohida o‘rni bor. Jyeff qo‘lga kiritgan yutuqlarda ma'lum ma'noda sobiq rafiqasining ma'naviy ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynaganini inkor etmaydi. Bezos D. E. Shaw kompaniyasida ishlab yurgan paytlari shu tashkilotda ishlagan Makkenzi Tattl (hozirda yozuvchi) bilan tanishib qoladi. 1993 yilda ular turmush quradi.

Suhbatlardan birida tan olishicha, Jyeff Makkenzini uchratguniga qadar bir necha bor uylanish niyatida goh o‘zining xohishi, goh yaqinlari qistoviga ko‘ra qizlar bilan uchrashuvlarga chiqqan. Biroq hammasi omadsiz yakunlangan. Keyinchalik ma'lum bo‘ladiki, o‘z dunyoqarashiga mos, alohida sifatlarga ega — san'atga oshufta va qobiliyatli ayolni izlagan.

Foto: radaronline.com

«Hayotimda meni ikkinchi darajali odamlar qatoridan olib chiqa oladigan, menga g‘oya va ilhom bera oladigan va uni ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashadigan ayol zarur edi. Makkenzi bilan bir-birimizni bir og‘iz so‘z bilan tushunamiz. U qobiliyatli va men izlagan ayol», deydi u. 

Biroq chorak asr davomida baxtli hayot kechirgan, uch o‘g‘il va bir nafar qiz (asrab olingan)ni katta qilgan mazkur juftlik 2019 yil ayrim sabablar bilan ajrashishga qaror qiladi. Ajrashish Bezosga qimmatga tushdi. Internet nashrlarining yozishicha, buning natijasida Makkenzi 38,3 milliard dollar boylikka ega bo‘ldi va u dunyodagi eng boy ayollardan biriga aylandi.

Work-life balance — ish va hayot muvozanati

Bezos har bir ishga navbat bilan yondashishni xush ko‘radi. «Men har bir ishga navbat bilan yondashaman. Agar do‘stlarim yoki oilam bilan tushlik qilsam — ovqatlanaman. Agar elektron pochtamga nazar tashlasam — o‘qiyman. Biror ish qilayotgan bo‘lsam boshqa bir narsaga chalg‘ishni xohlamayman», degandi Bezos.

Har bir inson ikki xil hayot yo‘lidan birini tanlaydi. Birinchisi — xavfsiz, qulay va bir maromdagi hayot yo‘li. Ikkinchisi esa tavakkalchilik asosiga qurilgan, tajriba, yuqorilash va pasayishdan iborat murakkab hayot yo‘li. Bezos ikkinchi toifaga mansub insonlardan.

Jyeff 1994 yilda D.E.Shaw» kompaniyasida vitse-prezident lavozimida ishlardi. Bu har jihatdan qulay va daromadbop ish edi. U kelajagini ana shu ishga bag‘ishlasa ham bo‘lardi. Biroq kunlardan bir kun u tashkilot rahbariga ishdan bo‘shamoqchiligini, internet-do‘kon ochish niyatida ekanini aytganida, rahbar unga «Bu chindan ham yaxshi g‘oya. Faqat u sen kabi ish va mavqega ega bo‘lmagan insonlar uchun yaxshi bo‘lishi mumkin. Nahotki shunday ishingni tashlab ketmoqchisan?» deydi va unga yaxshilab o‘ylash uchun vaqt beradi. Jyeff esa rafiqasi bilan maslahatlashib, ishdan bo‘shashga qaror qiladi.

Bezos nima uchun bu qarorga kelganini shunday izohlaydi: «...internet imkoniyatlari kengligini anglagach, mening hayotimni aynan u butunlay o‘zgartira olishini tushundim. Faqat uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish talab etilardi. Agar bu yo‘lda mag‘lub bo‘lganimda ham bu sohada o‘zimni sinab ko‘rmaganimga nisbatan o‘zimni o‘zim kamroq koyigan bo‘lardim».

Agar Amazon kompaniyasi kasodga uchragudek bo‘lsa, Jyeff nima ish qilgan bo‘lardi, degan savolga uning hamisha ikkita javobi bor. Birinchisi: «Katta ehtimol bilan dasturchi bo‘lardim. Menga hammasini noldan boshlash muammo emas». Ikkinchisi: «Menda barmen bo‘lishga yetarlicha qobiliyat bor. Yaxshi barmen bo‘lishimga ishonaman. Menga kokteyl tayyorlash yoqadi, bunga san'atkorona yondasha olaman...»

Bezos — work-life balance (ish va hayot muvozanati) konsepsiyasi tarafdori: «Men bu jumlada «muvozanat»dan ko‘ra «uyg‘unlik» degan so‘zni ma'qul deb hisoblayman. Ish va shaxsiy hayot bir-biridan mustaqil bo‘lishi va bir vaqtning o‘zida bir-birini to‘ldirishi kerak. Agar uyda baxtli bo‘lsam, bu ishda yaxshi xodim, yaxshi rahbar bo‘lishimga turtki bo‘ladi. Bordi-yu, ishda o‘zimga nisbatan talabchan bo‘lib, samarali ishlashga harakat qilsam, bu mening oilada yaxshi ota va turmush o‘rtoq bo‘lishimga yordam beradi».

Foto: Getty Images

Jyeff Bezos erishganlari bilan cheklanmoqchi emas

Kompaniya ofisi AQShning Sietl shahrida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda uning tizimida 540 mingdan ziyod kishi ishlamoqda. Avvaliga kompaniya faqat kitoblar sotish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 1998 yildan musiqalar yozilgan disklar, o‘sha yilning noyabr oyidan videomahsulotlar sota boshladi. Keyinchalik mahsulotlar qamrovi kengayib, MP3-yozuvlar, dasturiy ta'minot, videoo‘yinlar, elektronika vositalari, kiyim-kechak, mebel, oziq-ovqat mahsulotlari hamda o‘yinchoqlarni ham onlayn tarzda sotishga o‘tildi. 2007 yilda kompaniya kitoblarni elektron tarzda o‘qish mumkin bo‘lgan maxsus Kindle, 2010 yildan boshlab smartfon orqali masofadan turib boshqarish imkoniyati mavjud bo‘lgan Amazon Echo deb nomlangan silindr shaklidagi «aqlli karnay», 2014 yildan Fire Phone smartfonini ham ishlab chiqara boshladi.

Foto: AP

Amazon — birinchilardan bo‘lib internet imkoniyatlaridan samarali foydalana olgan kompaniya. Bugun Amazon.com onlayn savdolarni amalga oshirish uchun yirik maydon, uning sayti eng ommaviy saytlardan biriga aylandi. Kompaniya nafaqat o‘zi ishlab chiqargan mahsulot, balki turli kompaniya, korxona, do‘konlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ularning mahsulotlarini sotishdan ham katta foyda ko‘radi. Mijozlar do‘konma-do‘kon yurib, vaqtini bekorga sarflamay, o‘tirgan joyidan saytga kirib istalgan buyumiga buyurtma berishi, qisqa fursatlarda uni xarid qilishi mumkin. Saytda mebel, elektronikadan tortib, oziq-ovqat mahsulotlarining rasmi, ko‘rsatkichlari, narx-navosi joylashtirilgan. Kompaniyadan mahsulot xarid qilish uchun avval sayt ro‘yxatidan o‘tiladi, keyin xarid qilmoqchi bo‘lgan buyum nomi yozilib, so‘ng kredit karta raqami, manzil nomi kiritiladi. Kompaniya xarid rasmiylashtirilganidan so‘ng mijozning kartasidan mablag‘ni birdaniga emas, balki mahsulot mijozga yetkazilganidan so‘ng yechib oladi. Kompaniya saytiga istalgan kishi o‘z muallifligidagi kitobning elektron nusxasini joylashtirishi mumkin. Faqat kitob narxi 2 dollardan kam, 9 dollardan yuqori bo‘lmasligi lozim. Kompaniya har bir sotilgan elektron kitobdan tushgan mablag‘ning 70 foizini muallif hisobraqamiga o‘tkazadi. Bundan ham kompaniya, ham saytga kitobini joylashtirgan muallif foyda ko‘radi.

Amazon’ning Avstraliya, Braziliya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Polsha, Ispaniya, Hindiston va Xitoyda filiallari faoliyat ko‘rsatadi.

Kompaniya mahsulotlarni saqlash, qadoqlash hamda ularni yetkazish bo‘yicha zamonaviy logistika tizimini yo‘lga qo‘ygan. Uning buyurtmalarni amalga oshirish punkti odatiy omborxonalardan ancha katta. Bu yerda buyurtmalar yig‘iladi, saralanadi, qadoqlanadi hamda so‘ralgan manzilga yetkaziladi. Amazon 180 omborxona, 28ta mahsulotlarni saralash markazi, 59ta mahalliy yetkazish punkti, Prime Now loyihasi doirasida mahsulotni ikki soatda yetkazib beruvchi 65ta stansiyaga ega. Bundan tashqari, kompaniya tizimida 4 mingdan ziyod yuk mashinalari, ijara asosida esa 20 samolyotdan foydalaniladi. 2012 yilda Amazon robot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Kiva Systems kompaniyasini 775 million dollarga sotib oldi. Bugungi kunda kompaniya tizimida 100 mingdan ziyod ana shunday robotlardan foydalanilmoqda. Ular omborxonalardagi ishni yengillatish imkonini bermoqda. Mahsulotlar uzoq manzillarga samolyot va kemalar vositasida yetkaziladi.

Foto: Win McNamee/Getty Images

Internet-do‘konga asos solib, dunyodagi eng badavlat insonga aylangan Jyeff Bezos erishilgan muvaffaqiyatlari bilan kifoyalanib qolmoqchi emas. U o‘z oldiga yangi va yuksak maqsadlar qo‘ygan. Jyeff yaqin kelajakda koinot sayyohligini tashkil etish, oddiy odamlarni koinotga olib chiqish haqida bosh qotirmoqda. Unga tegishli Blue Origin kompaniyasi birdaniga olti nafar yo‘lovchini 100 kilometr balandlikka qadar olib chiqa oladigan New Shepard deb nomlangan fazoviy kemalar ishlab chiqarish ustida ish olib boryapti. Yaqin kelajakda ana shu loyiha ham amalga oshib, oddiy odamlar koinot bo‘ylab sayohat qilsa ajab emas.

Shahzod G‘afforov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top