13:11 / 11.04.2021
30806

«Xabar boshqa guruhlarga tarqatilmasin»: Toshkent viloyatida yakshanba kuni 200ga yaqin davlat xizmatchilari seminar-treningga chaqirildi

Yakshanba kunida Toshkent viloyati Yoshlar markazida yig‘ilishda o‘tirgan davlat organi mansabdori dam olish kuni oila davrasida emas, «seminar-trening» nomi bilan ataluvchi majlisda o‘tayotgani, foydasidan zarari ko‘proq bo‘lgan yig‘ilishlarning oxiri ko‘rinmayotgani»dan shikoyat qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, bugun, ya'ni 2021 yil 11 aprel – yakshanba dam olish kunida Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi Yoshlar ittifoqi binosida viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, tuman-shaharlarning sektor rahbarlari va boshqa davlat tashkilotlarining bir qator xodimlari ishtirokida «kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasida seminar-trening» o‘tkazilmoqda.  

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, viloyatdagi shahar va tuman hokimliklari tashkiliy nazorat guruhi rahbarlariga 11 aprel kuni soat 09:30da viloyat yoshlar markazida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasida seminar-trening o‘tkazilishi rejalashtirilgani, unda shahar va tumanlardan 4ta sektor rahbarlari viloyat yoshlar markaziga soat 09:30dan kechikmasdan kelishini ta'minlash so‘ralgan. Shuningdek, mas'ullarga ushbu xabarni boshqa guruhlarga (har xil kanallarga) tarqatmaslik haqida ham eslatiladi.

Yig‘ilishda ishtirok etayotganlardan biri shaxsi sir saqlanishini so‘ragan holda yig‘ilishda 88ta sektor rahbarlari (22ta tuman-shahardan 4ta sektor rahbarlari), Bosh prokuratura, viloyat prokuraturasi, viloyat hokimligidan tashqari Markaziy saylov komissiyasi a'zolari ham ishtirok etayotganini ma'lum qilgan.

Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori va Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ham ishtirok etayotgani qo‘shimcha qilingan.

«Ertalabdan chaqirib olishgan, 200ga yaqin ishtirokchi bor, o‘zi shundog‘am ish kunlarimiz turli majlislarda o‘tadi, haftada bir kun oilamiz uchun vaqt ajratmoqchi edik, ammo shuni ham ko‘p ko‘rishmoqda. Shuncha odamning oilasi bu kabi mantiqsizlikdan norozi bo‘lib o‘tirgan bo‘lsa ajab emas, bu kabi oxiri ko‘rinmayotgan majlisbozliklarning ish samaradorligiga zarari tegsa tegadiki, foydasi tegmaydi», deydi manba.

Soat 9:30da boshlangan yig‘ilish soat 16:00ga qadar davom etishi ma'lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kungi selektorda majlisbozliklar ko‘payib ketganini qattiq tanqid qilib, ruxsatsiz majlis qilgan rahbarlar ishdan ketishini aytgandi.

«Ko‘p amaldorlar majlisbozlikka kasal bo‘lgan. Buni davolaymiz. Bugundan boshlab majlis qilmoqchi bo‘lgan hokimlar administratsiyadan ruxsat olib, uzog‘i 40 daqiqalik majlis o‘tkazishi mumkin. Ruxsatsiz majlis o‘tkazgan amaldorlar ishdan ketadi», degan edi prezident.

Bundan tashqari, 10 fevral kuni davlat rahbari yana bir bor har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerakligini aytdi.

«Temir intizom kerak. Har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerak. Yig‘ilishlarni faqat mahallalarda o‘tkazinglar, xalq bilsin. Bosh vazirga topshiriq – mahalla raislari va uchastka nozirlarini hokimiyatga majlisga chaqirish qat'iyan taqiqlanadi», deya ta'kidlagandi prezident.

Bundan avvalroq Kun.uz saytida Toshkent viloyatida joriy yilning 23 fevral kuni soat 10:00da bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va viloyatning yangi tayinlangan hokimi Davron Hidoyatov rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani, viloyat mas'ullari 2 kun ichida 3 marta majburiy yig‘ilishga chaqirilgani haqida yozilgandi.

Top