21:48 / 12.04.2021
12093
Aliyev Armanistondan “Iskander-M” raketalarini qayerdan olganiga javob berishni talab qildi
Foto: RIA Novosti

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning ta'kidlashicha, Boku Armaniston “Iskander-M” raketalarini qayerdan olganiga hanuzgacha rasmiy javob olmadi. Aliyevning ta'kidlashicha, ushbu raketalar Shusha shahri “arman okkupatsiyasidan” ozod qilingandan keyin ozarboyjonlik harbiylarga qarshi qo‘llangan.

 2 aprelda Shushada 2ta “Iskander” raketasi bo‘laklari topilgani xabar qilingandi.   

O‘shanda Armaniston “Iskander-M”ning eksport varianti - “Iskander-E”ni olgani ma'lum qilingan. “Iskander-M”ning uchish uzoqligi 500 kmni, ”Iskander-E”niki esa 280 kmni tashkil qiladi. Xalqaro kelishuvlarga ko‘ra, ta'sir doirasi 300 kmdan ortiq bo‘lgan raketalar eksporti taqiqlangan. Ozarboyjonning ta'kidlashicha, Shushada topilgan raketa bo‘laklari aynan “Iskander-M”ga tegishli.

 “Armaniston bu raketalarni qayerdan oldi? Ularda bunday raketalar bo‘lmasligi kerak. Biz bu qirg‘inbarot qurol armanlar qo‘liga qanday tushib qolganiga javob olmoqchimiz. Hozircha bu savolga javob olmadik, biroq baribir uni olamiz”, deb aytgan Ozarboyjon rahbari Bokuda Harbiy o‘ljalar bog‘i ochilishida. Bog‘ ochilishida Shushada topilgan raketa bo‘laklari ham namoyish qilingan.

Aliyevning aytishicha, Armaniston bu raketalar bilan Shushani yo‘q qilmoqchi bo‘lgan. “Bu Armanistonning harbiy jinoyati isbotidir. Ushbu raketalar Shusha Ozarboyjon qurolli kuchlari tomonidan ozod qilinganda ozarboyjonlik harbiylarga qarshi qo‘llangan”, deb aytgan Ozarboyjon yetakchisi.

 Avvalroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan “Iskander” majmualari samaradorligi pastligini aytgan, biroq ular qo‘llangani haqida ochiqchasiga hech narsa demagan. Rossiya mudofaa vazirligida esa “Iskander” majmualari Tog‘li Qorabog‘da qo‘llanmagani ma'lum qilingan.

 

Top