20:00 / 12.04.2021
5591
MAZ OAJning Toshkentdagi ikkinchi savdo ofisi ochildi

6 aprel kuni MAZ OAJ Toshkentdagi ikkinchi savdo ofisining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Belarus Respublikasining sanoat vaziri Pyotr Parxomchik, MAZ OAJ bosh direktori Valeriy Ivankovich, MAZ-Toshkent XKning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Valeriy Jiganov va o‘zbekistonlik hamkorlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida o‘zbekistonlik san'at ustalari raqs va tomoshalar bilan mehmonlarni xushnud etishdi.

2016 yilning 2 mart kuni MAZ-Toshkent XK O‘zbekistondagi ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Hozirda MAZ O‘zbekistonning yuk tashish texnikasi bozorida taniqli va o‘z o‘rniga ega “o‘yinchidir”. O‘zbekistonga har yili qiymati 10 million AQSh dollaridan ziyodroq 200 dan ortiq MAZ texnikasi yetkazib beriladi. Tovar yetkazib beruvchi tarmoq 14 savdo agenti va 11 ta xizmat ko‘rsatish sub'yektlari bilan hamkorlik qiladi. Toshkentda ikkinchi savdo-servis filialining ochilishi mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tezkorlikni ta'minlash va qulaylikni ko‘paytirishga xizmat qiladi.  

Shundan so‘ng Belarus Respublikasining sanoat vaziri Pyotr Aleksandrovich Parxomchik so‘z olib, nutq irod qildi va jumladan shunday dedi: “Hurmatli do‘stlar va hamkasblar, serquyosh Toshkent bizni o‘zining mehmonnavozligi bilan iliq kutib oldi. Toshkentda MAZ OAJning yana bir savdo-servis nuqtasining ochilishi nafaqat MAZ korxonasi, balki Belarus iqtisodi uchun ham muhim voqeadir. Yanagi safar bu maydonchada Belarusning boshqa mahsulotlarini ham ko‘rishga umid qilaman. Ushbu korxona barqaror rivojlanishini tilab qolamiz”.

Vazirdan so‘ng MAZ OAJ bosh direktori Valeriy Valerevich Ivankovich so‘z oldi: “Hurmatli do‘stlar va hamkasblar, mana ko‘z ochib yumguncha O‘zbekistonda rasman ish boshlaganimizga 5 yil ham o‘tib ketibdi. O‘zbekiston bozori tinimsiz va juda tez o‘sib bormoqda hamda har bir mijoz uchun sifat bilan, raso narx bilan kurashishga to‘g‘ri kelyapti. O‘zbekistonning har bir viloyatida xizmat ko‘rsatish markazlari bo‘lishi darkor. Barchaga tashakkur!”

Salomlashuvdan so‘ng belaruslik mehmonlar MAZ-Toshkent Sirg‘alidagi filialini tantanali ochish uchun qizil tasmani kesib ichkariga kirishdi va shart-sharoitlar bilan tanishishdi. MAZ-Toshkent XK direktori Valeriy Jiganov so‘zga chiqib, 2016 yildan beri amalga oshirilgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Uning xizmatlari alohida e'tirof etilib, MAZ OAJ bosh direktori  Valeriy Ivankovich tomonida maxsus sertifikat va statuetka topshirildi.

Tadbir davomida, shuningdek, MAZ-Toshkent XK va uning hamkorlari o‘rtasida MAZ texnikasining navbatdagi partiyasini yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolandi.

Reklama huquqi asosida

Top