08:12 / 12.04.2021
7115

O‘zbekistondagi yagona pullik ko‘prik ekani aytilgan Amudaryodagi «Jumurtov ponton ko‘prigi» haqida rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Pullik ko‘prikdan odamlar norozi» mavzusida xabar tarqatildi. Xabarda bir guruh fuqarolar Amudaryo tumanidagi «Jumurtov ponton ko‘prigi»dan o‘tish pullik ekanligidan noroziligini bayon qilgan. Videolar izohida «Jumurtov ponton ko‘prigi»dan o‘tish pullik ekanligidan odamlar norozigi, u O‘zbekistondagi yagona pullik ko‘prik ekani haqida yozilgan.

Holat yuzasidan Amudaryo tumani hokimligi quyidagilarni ma'lum qildi. Tumanda daryo ustidan o‘tuvchi 2 ta ponton ko‘prik mavjud bo‘lib, birinchisi davlat idorasi bo‘lgan «Amudaryo yo‘llardan foydalanish» UKga tegishli «Qipchoq ponton ko‘prigi» hisoblanadi. Ushbu ko‘prikni ta'mirlash-saqlash xarajatlari, ishchilarga beriladigan oylik maoshlari va boshqa xarajatlari davlat tomonidan moliyalashtirilishi sababli bu ko‘prik orqali qatnovlar bepul hisoblanadi.

Ikkinchi ko‘prik – xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lgan «Jumurtov ponton ko‘prigi»dir.

Mazkur ko‘prik Jumurtov shaharchasi hududida faoliyat yurituvchi «Jumurtov ponton ko‘prigi» MChJ qarashli bo‘lib, ko‘prikni ta'mirlash-saqlash xarajatlari, ishchilarga beriladigan oylik maoshlari va boshqa xarajatlari tadbirkor tomonidan moliyalashtirilishi sababli bu ko‘prik orqali qatnovlar pullik hisoblanadi.

Ponton ko‘prik tadbirkor tomonidan 2001 yilda o‘rnatilib, o‘z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda 2 smenada 10 nafar ishchi-xodimlar ishlab kelmoqda. Umumiy uzunligi 290 metrni, eni 12 metrni, yuk ko‘tarish qobiliyati 10 tonnani tashkil qiladi.

Ko‘prikdan foydalangan yo‘lovchi va avtotransport vositalaridan MChJ rahbariyati tomonidan tasdiqlangan tariflar asosida xizmat haqi olinmoqda hamda tegishli tartibda chek berilib, pullari bankka kirim qilinmoqda. 

Shuningdek, qonunda ko‘rsatilgan tartibda alohida shaxslarga imtiyozlar berilgan bo‘lib, favqulodda vaziyatlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositalaridan xizmat haqi olinmaydi, deyiladi hokimlik rasmiy izohida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Jumurtov ponton ko‘prigi» bir necha bor daryoga oqib ketgandi. Davlatniki ekani aytilgan «Qipchoq ponton ko‘prigi»dan esa ochilib qolgan vaziyatlarda mashina va odamlar daryodan pullik tarzda o‘tkazilgan edi.

Top