18:09 / 12.04.2021
2775

Rossiya moliyaviy ko‘magida maktablarga «Iqlim qutichasi» o‘quv qo‘llanmasi joriy etilmoqda

 Bugun, 12 aprel kuni AOKAda o‘quvchilarga mo‘ljallangan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha «Iqlim qutichasi» uslubiy qo‘llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zgidromet», Respublika ta'lim markazi, BMT Taraqqiyot dasturi vakillari ishtirok etdi.

Qo‘llanma maktablarga joriy etilishida tashabbuskor bo‘lgan BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doyna Myuntyanuning ta'kidlashicha, «Iqlim qutichasi»ni ta'lim jarayoniga joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad — yoshlar va jamoatchilikning iqlim o‘zgarishi atrof-muhitga ta'siri haqida xabardorligini oshirish. Maktablarda ushbu qo‘llanmaning o‘qitilishi o‘quvchilar ongida atrof-muhitga bo‘lgan munosabatni erta rivojlantirishga imkoniyat beradi.

2014 yilda BMT Taraqqiyot dasturi ishlab chiqqan ta'lim muassasalari uchun «Iqlim qutichasi» o‘quv qo‘llanmasini 2018 yildan boshlab respublikada maktab ta'lim jarayoniga joriy qilishga moslashtirish bo‘yicha ishlar olib borildi, u o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilindi. Shu kungacha Toshkent shahrining 3ta maktabida “Iqlim qutichasi” sinov tarzida o‘qitildi.

«Iqlim qutichasi» materiallari to‘plami Rossiya moliyaviy ko‘magida, «O‘zgidromet» va Respublika ta'lim markazi bilan keng hamkorlikda BMT Taraqqiyot dasturi, Moslashuv jamg‘armasining «O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimga bardoshliligini ta'minlash» qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida moslashtirildi.

Ma'lumot uchun, 2015 yilda «Iqlim sandiqchalari» Rossiyaning 157ta o‘rta maktabida muvaffaqiyatli tajribadan o‘tkazildi. O‘sha yili «Iqlim sandiqchasi» ingliz tiliga tarjima qilindi va Parijda o‘tkazilgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMTning Doiraviy Konvensiyasi tomonlarining konferensiyasida (SOR-21) taqdim etildi. 2016 yilda esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarida joriy etila boshlandi.

Tadbirda qatnashgan Respublika ta'lim markazi rahbari Shuhrat Sattorovning ma'lumot berishicha, 2021–2022 o‘quv yilidan boshlab maktablarda «Tabiiy fanlar» darsligi o‘qitilishi boshlanadi va uning tarkibida «Iqlim qutichasi» qo‘llanmasi ham o‘qitiladi, o‘quvchilarga tabiat haqida bilimlar o‘yin tarzidagi (geymifikatsiya) mashqlar orqali taqdim etiladi.

Respublika ta'lim markazi tomonidan umumta'lim maktablari o‘qituvchilari, xalq ta'lim bo‘limlari uslubiyatchilari, maktabdan tashqari ta'lim muassasalari mutaxassislari, sinf rahbarlariga O‘zbekiston iqlim sharoitlari va xosliklari haqidagi materiallar bilan ta'lim jarayonida va maktabdan tashqarida tahsil berishda foydalanishlari uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi.

Top