18:14 / 12.04.2021
1325

Samarqand viloyatida uch oy davomida 50 mingta yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etildi

Samarqand viloyatida joriy yil yanvar–mart oylari davomida 50 mingta yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan. Ulardan salkam 8 milliard so‘m jarima undirilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning uch oyi davomida viloyat IIB YHX xodimlari tomonidan turli qoidabuzarliklar uchun 49 ming 169ta ma'muriy bayonnoma tuzilgan. Shundan 28 603ta holat qo‘pol tarzda buzilgan qoidabuzarlik, 1994ta holatda haydovchilar mast holda avtomashina boshqargan, 5 909ta holat esa piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik bo‘lgan. Qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun huquqbuzarlardan 7 milliard 754 million so‘m jarima undirilgan.

Haydovchilarning avtomashinalarni belgilangan tezlikda boshqarishlarini nazorat qilish uchun, viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga 17ta statsionar, 6ta mobil radar o‘rnatilgan. O‘tgan uch oyda radarlar 30 473ta tezlikni belgilangan me'yordan oshirish bo‘yicha qoidabuzarlikni aniqlagan.

Joylarda harakat xavfsizligini ta'minlash choralariga e'tiborsizlik qilgan 14 nafar mansabdor shaxsga ma'muriy choralar ko‘rilgan. Bundan tashqari, yo‘l sifatiga va unda o‘rnatiladigan yo‘l belgilari holatiga javobgar bo‘lgan yo‘l xo‘jaligi tashkilotlariga 24ta, shahar-tuman hokimliklariga 6ta taqdimnoma kiritilgan.

Top