09:10 / 12.04.2021
2238
Samarqandda o‘qituvchilarga har bir o‘quvchidan 10 ming so‘mdan yig‘ishni buyurgan maktab direktori hayfsan bilan qutuldi

Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi maktablardan birida direktor tadbirlar zaliga parda tiktirish uchun o‘qituvchilarga har bir o‘quvchidan 10 ming so‘mdan yig‘ishni buyurgan. Bu haqda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ma'lum qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumanidagi 56-maktab direktorining o‘qituvchilarga har bir o‘quvchidan 10 ming so‘mdan yig‘ishni buyurgan gaplari yozilgan audioyozuv tarqaldi. Ma'lum bo‘lishicha, direktor yig‘ilgan pulga tadbirlar zaliga parda tiktirmoqchi bo‘lgan.

«Maktab bir meniki emas. Hammamiz shu yerdan non yeyapmiz. Tikuvchi kelib hisob-kitob qilib berdi. O‘quvchi boshiga 10 ming so‘mdan tushar ekan. Bu juda katta summa emas, 100 ming emas, 20-30 ming emas. Bor yo‘g‘i 10 ming so‘mdan. Faqat o‘quvchilarga pardaga pul yig‘yapmiz demaysizlar. Men sinflardan kirib so‘rayman. Agar birorta sinfda o‘quvchilar «pardaga pul berdik» desa, o‘sha pardaning pulini o‘zingiz to‘laysiz», deydi direktor. Shu payt o‘qituvchilardan biri «ota-onalar gap-so‘z qilmasa bo‘ldi», deb luqma tashlaydi. Yana biri esa, Nodira opa, o‘zi yaqinda 10 ming so‘mdan pul yiqqandik. Yana gap-so‘z bo‘lib ketmaydimi?» deb savol beradi. Direktor Nodira opa esa «gap chiqarmay qilasizlar», deb javob beradi.

O‘qituvchilardan biri «46-maktab 2 ming so‘mdan yig‘ayotgan ekan. Biz 10 ming desak qanday bo‘larkin?» deganida direktor «Ularda 1800 nafar o‘quvchi bor» deb javob bergan. Yana bir o‘qituvchi «5 ming so‘mdan yig‘sakchi?!» deganida direktor «qolganini yoningdan berasan», deydi.

Ayrim o‘qituvchilarning bunday tarzdagi savollari direktorni muvozanatdan chiqarib yuboradi va u baqirib, «Mana, yoshi katta o‘qituvchilar indamay o‘tiribdi. Tayinladimmi, muammo qilmasdan bajarasizlar», deydi.

«Bu sizlarning iste'dodlaringizga bog‘liq. Sinf bilan, ota-onalar bilan ishlay olmasanglar, sinflarni ham, darslarni ham topshiringlar. Nega sinfga televizor olganlaringda, bayramlarda sovg‘a olganlaringda muammo chiqmaydi? 8 martda pachka-pachka narsa ko‘tarib ketyapsan, nega o‘shani muammo qilishmaydi? Qonunchilikda sovg‘a olish ham mumkin emas. Sovg‘a olishni bilyapsizlarku! Pardani men uyimdan olib kelib ilaymi? Budjetimda pul bo‘lmasa. Maoshimning yarmi uyimgacha yetsa ham katta gap», deydi direktor holatdan yozg‘irib.

Bundan tashqari, direktor shu tumandagi 46 maktabdagi holat haqida ham gapirgan.

«46-maktab dunyoning pulini yig‘adi. Gap-so‘z chiqmaydi. Kichik aktiv zaliga bir emas, ikki martadan pul yig‘ib oldi. Agar sizlar sinflarga jabr qilmayotgan bo‘lsangiz, biz unaqa pul yig‘ib jabr qilgan tomonimiz yo‘q», deydi u.

Mazkur audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketganidan so‘ng, holat yuzasidan viloyat XTB hamda Jomboy tumani XTB mas'ul rahbar xodimlari o‘rganish olib borgan. Unda audioyozuvdagi gap-so‘zlar o‘z tasdig‘ini topgan.

Holat bo‘yicha e'lon qilingan munosabatda ma'lum qilinishicha, maktab direktori tadbirlar zaliga sinf rahbarlari va ota-onalarning homiylik yordami hisobidan parda tiktirishni rejalashtirgan.

«Direktorning bu talabiga o‘qituvchilar norozilik bildirib, uning talabi qondirilmagan. O‘rganish chog‘ida maktab o‘qituvchilaridan individual olingan fikrlarda maktabda pul yig‘ilganligi holati ro‘y bermaganligi aniqlandi.

Biroq maktab direktorining ushbu xatti-harakati belgilangan qonun talablariga zid ekanligi, kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasligi bo‘yicha ogohlantirilib, unga nisbatan «Hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan», deyiladi, munosabatda.

P.S. Bugun maktablardagi aksariyat xarajatlar o‘qituvchilarning zimmasiga yuklatilishi hech kimga sir emas. Yuqoridagi holat bunga dalil. Bundan tashqari, maktablarni yozda yangi o‘quv yiliga tayyorlash ta'miri uchun ketadigan mablag‘ mahalliy hokimliklar tomonidan berilishi belgilangan bo‘lsa-da, aksariyat hollarda ular pul ajratmaydi. O‘qituvchilar bo‘yoq va shunga o‘xshash narsalarni o‘z yonidan sotib olgani kamlik qilganday, ta'mirni ham hashar yo‘li bilan amalga oshiradi. Bu holatga ham endi chek qo‘yilishi kerak, nazarimizda.

Top