10:25 / 12.04.2021
3481
Samarqandda yana ikkita masjid yangi binoga ega bo‘ldi, yana biri mukammal ta'mirlandi

Samarqand viloyatida yana ikkita masjid yangi binoga ega bo‘ldi. Yana bir masjid mukammal ta'mirdan chiqarilgan. Ularning ochilish marosimida muftiy Usmonxon Alimov ham qatnashgan.

Joriy yil 10-11 aprel kunlari Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida «Xo‘ja Ziyovuddin», Ishtixon tumanida «Eshon Temirxon to‘ra» va Qo‘shrabot tumanida «Domla Kamoliddin Oxun» jome masjidlari yangi binosining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan.

Ma'lum qilinishicha, Paxtachi tumanidagi «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi yangi binosining qurilishi 2019 yilda boshlangan. Uning o‘lchami 440 m² bo‘lib, masjidga 1300 nafar namozxon sig‘adi. Shu bilan birga, masjidda 30 o‘rinli zamonaviy tahoratxona, xotin-qizlar uchun alohida tahorat va namozxona hamda qo‘shimcha xizmat xonalari qurilgan.

«Xo‘ja Ziyovuddin» jome masjidi

«Domla Kamoliddin Oxun» jome masjidi o‘tgan asrning 90-yillarida hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, 2020-2021 yillar davomida zamonaviy loyiha asosida hashar yo‘li bilan qayta qurilgan. Masjidning umumiy yer maydoni bir gektardan oshiq. Masjid yangi binosining qurilishi 2020 yil 14 iyunda boshlanib, 2021 yil 20 mart oyida yakunlandi. Xonaqoh va ayvoni hududi 21×18 ni tashkil etadi. Masjid gumbazining balandligi 17 metr, aylanasi 7,5 metr. 15 kishilik erkaklar tahoratxona (ayollar uchun ham alohida) da barcha sharoitlar yaratilgan. Avtoturargoh ham bor. Masjid tumandagi Shova, Navkar, Qovunchi mahallalari ahliga xizmat qiladi. Xonaqohning o‘ziga 450, hovlisiga mingga yaqin namozxon sig‘adi. Masjid Qo‘shrabot tumanidagi eng katta masjid hisoblanadi.

«Domla Kamoliddin oxun» jome masjidi

Ishtixon tumanidagi «Eshoni Temirxon to‘ra» jome masjidi 1993 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan. Uning yangi binosi 2019-2021 yillar davomida zamonaviy loyiha asosida ta'mirlangan. Masjid hovlisining umumiy maydoni 5 gektar, yangi binoga 1000 nafar namozxon sig‘adi.

«Eshon Temirxon to‘ra» jome masjidi

Masjidda, shuningdek, ma'muriyat (imom-xatib, noiblar) xonalari, oshxona, qorovulxona va mehmonxona kabi qo‘shimcha binolar mavjud. 30 kishiga mo‘ljallangan erkaklar tahoratxonasi va ayollarning alohida tahoratxonasida barcha zarur sharoitlar qilingan. Masjid Sohibkor, Orlot, Qayirma, O‘zbek qo‘rg‘on, Bog‘ixon mahallalarida yashovchi mo‘min-musulmonlarga xizmat qiladi. Kundalik besh vaqt namozda 100 dan ziyod, juma va hayit namozlarida 1000 dan ortiq kishi qatnashadi.

Ma'lumot uchun, mart oyida Samarqand viloyatida ikkita yangi masjidning ochilish marosimi bo‘ldi. 13 mart kuni «Urgut» markaziy jome masjidi, 30 mart kuni esa Nurobod tumanida «Jom ota» jome masjidi ochildi. Shu tariqa, viloyatdagi masjidlar soni 288 taga yetdi. 9 aprel kuni Surxondaryo viloyatida yangi qurilgan «Eshonquljon bobo» jome masjidining ochilishi bilan, O‘zbekistonda masjidlar soni 2088 taga yetgan.

Top