18:00 / 12.04.2021
4227
Surxondaryoda o‘g‘irlangan «Damas» «so‘yilgan» holda topildi. Uni olib qochgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida «Muzrabot» dehqon bozorining yonida turgan «Damas» o‘g‘irlab ketilgan. Tezkor-qidiruv natijasida mashina Angor tumani hududida «so‘yilgan» holda topilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 11 aprel kuni 37 yoshli Toshpo‘lat M., Muzrabot tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida 11 aprel kuni soat 07:30da o‘ziga tegishli «Damas»ni «Muzrabot» dehqon bozorining yonida qulflangan holatda qoldirib, soat 11:30da qaytib chiqqanida mashinasi joyida yo‘qligini ma'lum qilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida «Damas» 12 aprel kuni tungi soat 1:30da Angor tumani hududida shikastlangan va ehtiyot qismlari yechib olingan holatda topilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Muzrabot tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilgan 22 yoshli Safarmurod E. ushlangan. Aniqlanishicha, u «Damas»ning eshigini 50 santimetrli sim yordamida ochgan. So‘ng mashina simlarini tutashtirish orqali harakatga keltirgan va minib ketgan. U o‘ziga tegishli mashinaning ehtiyot qismlarini yangilash maqsadida «Damas»ni olib qochganini va ehtiyot qismlarini yechib olganini aytgan.

Ta'kidlanishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top