14:17 / 12.04.2021
3528

Transport vositalari atmosferani sanoat korxonalaridan ham ko‘p zararlaydi – qo‘mita

Bugungi kunda atmosferaga sanoat korxonalaridan ham ko‘proq ta'sir ko‘rsatayotgan bu transport vositalaridir. Bu haqda 12 aprel kuni Milliy matbuot markazida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Atmosfera va atrof-muhitning chiqindilar bilan zararlanishi butun dunyodagi global muammolardan bo‘lib turibdi. O‘zbekistonda 2020 yilda 620dan ortiq, 2021 yilda 685dan ko‘proq sanoat korxonalari tomonidan atmosferaga chiqindi chiqariladi.

Bir yilda atmosferaga chiqariladigan chiqindi taxminan 2,5 mln tonnani tashkil qiladi. Buning 800-900 ming tonnasi sanoat korxonalaridan chiqsa, 1400 tonnasi transport vositalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda atmosferamizga korxonalardan ham ko‘proq ta'sir ko‘rsatayotgan bu transport vositalaridir», dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Bobojonov.

U bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lgan elektr energiyasi yordamida harakatlanuvchi transport turiga o‘tishganini ta'kidladi.

«Sanoat korxonalarida filtrlar qo‘yish, tozalash uskunalari o‘rnatish yordamida bu muammo bosqichma-bosqich hal qilinishi mumkin, ammo avtomobillardan chiqadigan chiqindilar muammosi yurtimizda ochiqligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda atmosferaga chiqariladigan 171ta chiqindi turi bor. Bu tur Rossiyada 140taga, Belarusda 88taga, Qozog‘istonda 120taga yaqin. Zavod yoki korxona uskunalari qanchalik yangi, zamonaviy bo‘lsa, shuncha kam chiqindi chiqariladi. Shuning uchun oxirgi vaqtlarda ishga tushayotgan korxonalarga yangi filtrlash tizimi o‘rnatilsagina ishlashga ruxsat berilyapti», deydi qo‘mita raisi.

Mutasaddining ma'lum qilishicha, 2023 yilga qadar O‘zbekistondagi sanoat korxonalarida chiqindini filtrlash borasida yangi tizimga o‘tish rejalashtirilmoqda.

Top