08:59 / 13.04.2021
5104
Britaniya bosh vaziri o‘z uyini 4 ming funt sterlingga ijaraga berishga qaror qildi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Oksfordshir grafligidagi kottejini ijaraga berishga qaror qildi. Bu haqda Strutt&Parker ko‘chmas mulk agentligiga tayanib The Times nashri xabar berdi. Uyni eng kamida bir yilga ijaraga olish mumkin bo‘ladi.

Foto: struttandparker.com

E'longa ko‘ra, uyda 4 xona, kichik oshxona va qishki bog‘ mavjud. Kottejning umumiy maydoni 288,5 kvadrat metrni tashkil qiladi va u mebel jihozlarisiz ijaraga beriladi. Ijarachilar uydagi tennis korti va suv havzasidan foydalanishlari mumkin. Uyning ijara haqi haftasiga 981 funt sterlingni (oyiga 4,25 ming funt sterling) tashkil qiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Jonson ushbu uyni 2003 yilda 690 ming funt sterlingga sotib olgan. Hozirda uning narxi 1,2 mln funt sterlingga baholanadi.

Britaniya bosh vaziri va uning qallig‘i Kerri Saymonds Dauning-stritdagi qarorgohda yashab kelishadi. Ta'kidlanishicha, bosh vazir oilasi xavfsizlik nuqtayi nazaridan Oksfordshirdagi uyda yashay olmaydi, shahardan tashqaridagi qarorgoh sifatida esa Britaniya bosh vazirlarining rasmiy shahar chekkasidagi qarorgohi – Chekersdan foydalanishi mumkin.

Top