13:54 / 13.04.2021
13389

“Ma'naviyati past odam uchun bu yigit o‘zining kasbidan sovimasin” - Zoyir Mirzayev Chiroqchida kaltaklangan o‘qituvchi bilan suhbatlashdi

Chiroqchi tumanidagi 134-umumta'lim maktabi ingliz tili fani o‘qituvchisi o‘quvchining akalari tomonidan kaltaklangani ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘ldi. 

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev kaltaklangan o‘qituvchi bilan onlayn muloqot qilib, vaziyatni shaxsan nazoratiga olgani haqida xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

«Tarqalgan xabarlarni o‘qidim. Biz bu holatni huquq-targ‘ibot idoralariga aytdik. Baribir oxiriga yetadi. Jarayon o‘zimning nazoratimda. Siz qishloqqa ziyo tarqatishga borgansiz. Albatta buni qadriga yetgan odam yetadi. Qadriga yetmagan odam baribir o‘zining farzandiga, o‘zining avlodi kelajagiga jabr qiladi. Sizga o‘xshab farzandining til bilishini xohlagan odam unday ish qilmasligi kerak. Bu judayam axloqsizlik, men juda yomon baholayman bu holatni», degan Zoyir Mirzayev.

Ma'lum bo‘lishicha, Shohnur Oqqo‘ziyev asli Qarshi tumanidan bo‘lib, 2021 yilda o‘qishni tugatgan va Chiroqchidagi maktabda ish boshlagan. U qatnab ishlagan, ayrim kunlari Chiroqchida tunab qolishiga to‘g‘ri kelgan. Yo‘lkiraning o‘ziga kunlik o‘rtacha 35-40 ming so‘m xarajat qilgan. Viloyat hokimi Oqqo‘ziyevning sog‘lig‘i bilan qiziqqan va yil yakuniga qadar uning yo‘l xarajatlari hamda maktabdagi iqtidorli o‘quvchilarga qo‘shimcha dars berishi uchun o‘n million so‘m o‘tkazib berishini aytgan.

Zoyir Mirzayev shuningdek, Shohnur Oqqo‘ziyevning onasi bilan suhbatlashib, unga minnatdorchilik bildirgan. “Hayotda hamma narsa bo‘ladi. Bularga achchiq qilib kasbdan sovish kerak emas. Bir ma'naviyati past odam uchun bu yigit o‘zining tanlagan kasbidan sovimasin. Mana shu ishni qilgan odamlar umrining oxirigacha o‘ziga savol beradi. Bu savol ularni ko‘p qiynaydi, agar ularning vijdoni bo‘lsa. Sizlarga yordam berishga tayyormiz. Shuncha joyga borib ishlayotgan o‘qituvchining bu ahvolga tushganidan biz ham ancha bezovta bo‘ldik”, deya yosh o‘qituvchining onasiga dalda berdi hokim.

Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top