14:35 / 13.04.2021
12104
Ozarboyjonda Qorabog‘ni qaytarishda qo‘lga kiritilgan harbiy o‘ljalar bog‘i ochildi 

Ozarboyjonda Tog‘li Qorabog‘ni qaytarishda qo‘lga kiritilgan harbiy o‘ljalar bog‘i ochildi. Bu haqda ushbu davlat rahbarining rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahridagi harbiy o‘ljalar bog‘ining ochilish marosimida ishtirok etgan.

Bog‘da namoyish etilayotgan harbiy texnika to‘g‘risida Ozarboyjon rahbariga joyida ma'lumot berildi. 

Park bilan tanishganidan so‘ng, prezident Ilhom Aliyev mukofotlangan harbiy xizmatchilar bilan uchrashgan. 

3 dekabr kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Vatan urushi yodgorlik majmuasi va G‘alaba muzeyini barpo etish to‘g‘risida farmoyish imzoladi. Ozarboyjon Madaniyat vazirligiga Boku shahar ijro etuvchi hokimiyati bilan birgalikda ikki oy muddatda yodgorlik va muzeyning joylashishi hamda dizayni bo‘yicha respublika hukumatiga takliflar kiritish vazifasi topshirilgandi. 

Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ uchun urush 2020 yil 27 sentyabr kuni boshlanib, 9 noyabrgacha davom etdi. Yerlarni qaytarib olish yo‘lida kurashgan Ozarboyjon Shushani qaytib olgach, Armaniston tomoni taslim bo‘lgan va Rossiya vositachiligida uch tomonlama tinchlik shartnomasi tuzilgandi.

Kelishuvga ko‘ra, Ozarboyjon bir qator tumanlarni rasman qaytib oldi va urush to‘xtatildi. Hududdagi tinchlikni rossiyalik «tinchlikparvar kuchlar» ta'minlashi va ularga o‘nlab turk askarlari hamrohlik qilishi aytilgan. 

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top