12:44 / 13.04.2021
2867
Qarshi shahar hokimligi tomonidan 47 tup daraxt kesib tashlangan - Ekoqo‘mita

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yil 12 aprel kuni Qarshi shahar, “Xontepa” MFY, Loyihachilar ko‘chasidagi eski oziq-ovqat ombori hududida har xil turdagi ko‘p yillik daraxtlar qurilish obekti qurish uchun tag qismidan kesib ketilgani aniqlandi. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasiga asosan xabar berishicha, yuqoridagi holat o‘rganilganida, bu kesishlar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 1-ilovasi bo‘lgan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti talablariga zid ravishda qilingani ma'lum bo‘ldi

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ijobiy xulosasi olinmasdan Qarshi shahar hokimligining 2021 yil 25 yanvardagi 05/01-25-sonli daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomasi asosida jami 47 tup har xil turdagi va diametrdagi, xususan, 26 tup virgin archasi, 8 tup shumtol, 2 tup o‘rik, 3 tup chinor, 1 tup qaroli, 6 tup oq tut daraxti tag qismidan, 1 tup qayrag‘och daraxti esa ildizi bilan qo‘porib tashlangan.

Bildirilishicha, bu daraxtlar respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy amal qilib turgan bir paytda kesilgan.

Noqonuniy kesib ketilgan daraxtlar uchun o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan. Tabiatga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 253 575 000 so‘m deb belgilanib, hujjatlar tegishli organlarga taqdim qilinmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyi o‘rtalarida Qarshi shahrida 2 874 tup daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlangani xabar berilgandi

Top